Kasaba uyushmasi – fuqarolarning o‘z faoliyati yoki o‘qishi turi bo‘yicha umumiy kasbiy manfaatlari bilan bog‘liq bo‘lgan, ularning mehnatga oid, boshqa ijtimoiy-iqtisodiy huquq va manfaatlarini ifodalash hamda himoya qilish maqsadida tuziladigan, o‘z ustavi asosida faoliyat ko‘rsatadigan ixtiyoriy jamoat birlashmasidir.
Kasaba uyushmasi o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, O‘zbekiston Respublikasining «Kasaba uyushmalari, ularning huquqlari va faoliyatining kafolatlari to‘g‘risida»gi qonuni, «Jamoat birlashmalari to‘g‘risida», «Nodavlat notijorat tashkilotlar to‘g‘risida»gi qonunlari, Ta’lim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashining Ustavi va boshqa huquqiy hujjatlar asosida yuritadi.
2019 yil 6 dekabrdagi O‘zbekiston Respublikasining «Kasaba uyushmalari to‘g‘risida»gi Qonuniga muvofiq, Qonunning maqsadi fuqarolarning kasaba uyushmalariga birlashish huquqini amalga oshirish, shuningdek, kasaba uyushmalarini tuzish va ularning faoliyatini tashkil etish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iboratdir.
Kasaba uyushmalarining birlashmasi – xodimlarning kasbiy, mehnatga oid, ijtimoiy-iqtisodiy huquq va manfaatlarini amalga oshirish hamda himoya qilishda harakatlarning muvofiqlashtirilishiga va birligiga erishish maqsadida tarmoqqa doir, hududiy yoki kasbiy o‘ziga xoslikni hisobga oluvchi boshqa belgi bo‘yicha tuziladigan ixtiyoriy birlashmadir.
Mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan fuqarolar, shuningdek, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi, oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalarida ta’lim olayotgan, o‘n besh yoshga to‘lgan shaxslar hech qanday tafovutsiz o‘z tanloviga ko‘ra va oldindan ruxsat olmay turib, ixtiyoriy ravishda kasaba uyushmalarini tuzish huquqiga, shuningdek, kasaba uyushmalariga ularning ustavlariga rioya etish sharti bilan a’zo bo‘lish huquqiga egadir.
Qonuniylik, ixtiyoriylik, kamsitishga yo‘l qo‘ymaslik, mustaqillik va o‘zini o‘zi boshqarish, teng huquqlilik va oshkoralik, ochiqlik Kasaba uyushmalari faoliyatining asosiy prinsiplari sirasiga kiradi.
Bundan tashqari, Kasaba uyushmalari, ularning birlashmalari, bo‘linmalari va boshlang‘ich kasaba uyushmalari tashkilotlari aholi bandligini ta’minlash, ishdan ozod etilayotgan xodimlarni himoya qilish masalalarini, shuningdek, xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy huquq va manfaatlarini himoya qilishga doir boshqa masalalarni hal qilishda ishtirok etish huquqiga ega.
Kasaba uyushmalari, ularning birlashmalari insonning munosib hayot kechirishini va erkin rivojlanishini ta’minlovchi shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan ijtimoiy dasturlarni shakllantirishda, xodimlarni ijtimoiy himoya qilish bo‘yicha chora-tadbirlarni ishlab chiqishda, turmush darajasining asosiy mezonlarini va tirikchilik uchun zarur bo‘lgan narsalarning eng kam miqdorini belgilashda ishtirok etish huquqiga ega.
KASABA UYUSHMALARINING QUYIDAGI VAKOLATLARI BOR...
Aholi bandligini ta’minlash, ishdan ozod etilayotgan xodimlarni himoya qilish masalalarini, shuningdek, xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy huquq va manfaatlarini himoya qilishga doir boshqa masalalarni hal qilishda ishtirok etish;
– xodimlarning mehnat huquqlarini himoya qilib sudga da’vo arizasi, shuningdek sud buyrug‘ini chiqarish to‘g‘risidagi ariza bilan murojaat qilish;
– xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy huquq va manfaatlariga taalluqli bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlar hamda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishda ishtirok etish;
– davlat bandlik dasturlarini ishlab chiqishda ishtirok etadi, bandlikni ta’minlash, shu jumladan yangi ish o‘rinlarini tashkil qilish va mavjudlarini saqlab qolish, tashkilotlarning faoliyatini yaxshilash, xodimlarning ommaviy ravishda ishdan ozod etilishining oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar taklif etish;
– davlat organlaridan, ularning mansabdor shaxslaridan, ish beruvchilardan xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy huquq va manfaatlari masalalari yuzasidan bepul axborot olish;
ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalar va kasb kasalliklarini tekshirishda ishtirok etish;
– xodimlarning hayoti va sog‘lig‘iga xavf tug‘ilgan hollarda ishlarni to‘xtatib turish to‘g‘risida, shuningdek mehnatni muhofaza qilish talablarining buzilishlarini bartaraf etish haqida ish beruvchiga takliflar kiritish;
– mehnatni muhofaza qilishning holatini o‘rganadi, ish beruvchilarning jamoa shartnomalari va kelishuvlarida nazarda tutilgan mehnatni muhofaza qilishga doir majburiyatlarining bajarilishini nazorat qilish;
– davlat organlariga, ularning mansabdor shaxslariga, ish beruvchilarga, ularning birlashmalariga (ittifoqlariga, uyushmalariga) arizalar, shikoyatlar va takliflar bilan murojaat qiladi, ularga so‘rovlar yuboradi.
Bir so‘z bilan aytganda, farovon hayotimizni ta’minlash va haq-huquqlarimizni ta’minlashda kasaba uyushmasining o‘rni va ahamiyati beqiyosdir.
Abror OTABOEV,
Farg‘ona viloyati kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi
kengashi Yoshlar masalalari bo‘yicha rais maslahatchisi