Karmana bag‘ridagi tarixiy obida
Karmana tumanida joylashgan “Raboti-Malik” karvonsaroyi va uning yaqinidagi qadimiy sardoba Navoiy viloyatining muhim tarixiy obidalaridan hisoblanadi. Bir vaqtlar karvonlar uchun qo‘nimgoh vazifasini o‘tagan ushbu majmua bugun ham mahalliy va xorijiy sayyohlarni o‘ziga jalb etmoqda.
Qadimiy karvon yo‘li bo‘yida, M-37 xalqaro avtomagistrali yaqinida joylashgani obidaning sayyohlik ahamiyatini yanada oshiradi. Tashrif buyuruvchilar bu yerda tarixiy me’morchilik namunalari bilan tanishish barobarida, milliy hunarmandchilik mahsulotlarini ham ko‘rishlari mumkin.
“Raboti-Malik” (Shoh raboti) karvonsaroyi XI asrning 70-yillarida Qoraxoniylar sulolasi vakili Shamsulmulk Nasr ibn Ibrohim tomonidan Karmana–Buxoro karvon yo‘lida barpo etilgan. XII asrning birinchi choragida Arslonxon Muhammad ibn Sulaymon davrida ta’mirlangan. Arxeologik tadqiqotlar natijasida karvonsaroyning murakkab me’moriy tuzilishi aniqlangan. Qariyb bir gektar maydonni egallagan inshoot 100×100 metr o‘lchamdagi devorlar bilan o‘ralgan bo‘lib, ikki qismdan iborat bo‘lgan.
[gallery-31853]
Bugungi kunda tarixiy obida atrofida turizm infratuzilmasini rivojlantirish bilan birga, milliy hunarmandchilikni qo‘llab-quvvatlashga ham e’tibor qaratilmoqda. Hududda tashkil etilgan hunarmandchilik markazida karmanalik yosh tadbirkor va hunarmandlar tayyorlagan turli suvenirlar sayyohlarga taklif etilmoqda.
Qadimiy karvonsaroy, sardoba va hunarmandchilik markazi “Raboti-Malik”ning tarixiy merosini asrab-avaylash, uni keng targ‘ib etish va sayyohlik salohiyatini oshirishga xizmat qilmoqda.
Siroj ASLONOV (surat), O‘zA