Kamilla Rahimova Torontodagi turnirda uchinchi bosqichga chiqdi
Kanadaning Toronto shahrida tennis bo‘yicha davom etayotgan nufuzli WTA 1000 toifasidagi “National Bank Open Presented by Rogers” turnirida O‘zbekiston vakili Kamilla Rahimova muvaffaqiyatli ishtirokini davom ettirmoqda.
Hamyurtimiz ikkinchi bosqich bahsida tajribali chexiyalik tennischi Katerina Sinyakovani mag‘lub etib, musobaqaning uchinchi davrasiga yo‘l oldi.
Rahimova va Sinyakova o‘rtasidagi bahs keskin kurashlar ostida o‘tdi. Ilk set tay-breykda raqib foydasiga 6:7(1) hisobida yakunlangan bo‘lsa, ikkinchi setda tennischimiz mutlaq ustunlik qilib, 6:0 hisobida g‘alaba qozondi. Hal qiluvchi uchinchi setda hisob 5:2 bo‘lib turgan paytda Sinyakova jarohati tufayli uchrashuvni davom ettira olmadi va g‘alaba Kamilla Rahimova hisobiga yozildi.
Endi Kamilla musobaqaning uchinchi bosqichida WTA reytingida 21-o‘rinda borayotgan rossiyalik tennischi Anna Kalinskayaga qarshi kortga chiqadi. Bu bahs o‘zbekistonlik tennischi uchun turnirdagi eng jiddiy sinovlardan biri bo‘lishi kutilmoqda.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA