Joriy yilda 71,5 trillion so‘mlik to‘qimachilik va tikuv-trikotaj mahsulotlari ishlab chiqariladi
Paxtachilik – O‘zbekiston qishloq xo‘jaligining muhim yo‘nalishi. Paxta xomashyosi, g‘o‘zaning barglari, poyalari, chanoqlari va chigitidan 100 dan ortiq mahsulot tayyorlanadi. Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, bir tonna paxta bir yilda o‘rtacha 5 nafar kishini ish o‘rni bilan ta’minlaydi. Quruq iqlim sharoitlarida ham yetishadigan paxta dunyo ahlining kiyim-kechakka bo‘lgan ehtiyoji 27 foizini qoplaydi.
Xo‘sh, mamlakatimizda bugungi kunda paxta yetishtirish bo‘yicha qanday ishlar amalga oshirilmoqda, paxta narxi qanday belgilanadi?
Mazkur savollar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot xizmati rahbari Nazokat Abduqunduzova O‘zA muxbiriga quyidagilarni ma’lum qildi.

– O‘zbekistonda chinakamiga bozor iqtisodiyoti qaror topmoqda. Agrar sohada uzoq yillar davomida saqlanib kelayotgan stereotiplar tubdan o‘zgartirilib, paxtachilik tarmog‘ini rivojlantirish uchun barcha imkoniyatlar yaratilmoqda va bu keyingi yillarda o‘z samarasini bermoqda.
Hozirgi kunda O‘zbekiston g‘o‘za ekin maydoni bo‘yicha (1,0-1,1 million gektar) dunyo mamlakatlari orasida oltinchi o‘rinni, paxta tolasini yetishtirish bo‘yicha bo‘yicha (0,8-0,9 million tonna) beshinchi-oltinchi o‘rinni egallab kelmoqda. Ahamiyatli tomoni, yiliga dunyo bo‘yicha 18-20 million tonna paxta tolasi yetishtirilsa, shuning 0,9-1,0 million tonnasini O‘zbekiston yetkazib beradi.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, joriy yilgi terim mavsumida qo‘lda terilgan 1 kg. paxta uchun birinchi terimda 1500 so‘mdan, ikkinchi terimda esa 1800 so‘mdan kam bo‘lmagan miqdorda mehnat haqi to‘lash belgilangan. Paxta narxini belgilashda tegishli tartibga ko‘ra, respublikada ishlab chiqarilgan paxta tolasi uchun birjada boshlang‘ich narx shakllanishida amalda qo‘llanilayotgan 10 foiz miqdoridagi chegirma bekor qilindi. Jahon bozori tahlilidan kelib chiqib, har yili 1 dekabrga qadar kelgusi yil hosili uchun kutilayotgan minimal narxlar e’lon qilinadi. Bozorlardagi narxlar o‘zgarsa, har chorakda ushbu narxga tuzatishlar kiritilishi mumkin.
Paxta xomashyosidan 30-35 foiz tola, (3500 m2 gazlama) 60-65 foiz chigit, 5-10 foiz har xil chiqitlar olinadi. Paxta tolasi to‘qimachilik sanoatida qayta ishlanib, aholi uchun ekologik toza bo‘lgan kiyim-kechak, harbiy soha, kosmonavtika va sanoat uchun sifatli maxsulotlar olinadi. Chigitdan yog‘, chorvachilik uchun 40-45 foiz sheluxa, 30-35 foiz kunjara, bundan tashqari sovun, vazelin, yuzdan ziyod turli parfyumeriya maxsulotlari olinadi. Umuman g‘o‘zadan olinadigan maxsulotlar asosida sanoat usulida 1 ming 200 dan ko‘proq turli mahsulotlar ishlab chiqarish mumkin.
Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, sohada klaster tizimiga o‘tilgani qisqa vaqt ichida qishloq xo‘jaligida keskin o‘zgarishlar amalga oshirilishiga zamin yaratdi. Jumladan, birgina paxtachilikda tolani qayta ishlash 2,5 barobarga oshib, 100 foizga yetkazildi.
2021-2022 yillarda sohani raqamlashtirish bo‘yicha 10 ta axborot tizimi ishlab chiqilib, joriy etildi. Qishloq xo‘jaligi yerlari va ekinlarini monitoring qilishga mo‘ljallangan Geoaxborot tizimi ishlab chiqilib, paxtani masofadan aniqlash va tahlil qilish yo‘lga qo‘yildi. 3,2 million gektar sug‘oriladigan ekin maydonlarida barcha turdagi ekinlar monitoringi (chegarasi, ekin turi, vegetatsiya holati va boshqalar) yo‘lga qo‘yildi. bugungi kunda respublikada 122 ta paxta-to‘qimachilik klasterlari faoliyat yuritmoqda. Ularning 97 tasida 2 million 536 ming tonna paxtani qayta ishlash zavodlari hamda 39 ta klasterda 193,5 ming tonna mato ishlab chiqarish quvvatlari mavjud.
Paxtaga agrotexnik ishlov berish va undan yuqori hosil olishni ilmiy asoslangan texnologiyalar asosida tashkil qilish maqsadida 16 ta paxta-to‘qimachilik ishlab chiqarish klasterlariga 31 nafar olim biriktirilgan. Ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida paxta-to‘qimachilik klasteri tizimini rivojlantirish, sohadagi mavjud muammolarni hal etishga qaratilgan umumiy qiymati 36,1 milliard so‘m bo‘lgan 21 ta loyiha 11 ta oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari tomonidan bajarilmoqda.
To‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini rivojlantirish borasida ham tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilgan. Tolani qayta ishlash quvvatlari 1
million 300 ming tonnani tashkil etmoqda. Joriy yil yanvar-iyul oylarida jami 489 ming tonnadan ortiq kalava ip ishlab chiqarildi, shundan 269 ming tonna eksportga (Turkiya, Rossiya, Xitoy va boshqa davlatlar) va 200 ming tonna respublika hududlarida qayta ishlashga yo‘naltirildi.
Joriy yil yakuni bilan 71,5 trillion so‘mlik to‘qimachilik va tikuv-trikotaj mahsulotlari ishlab chiqariladi va eksport hajmi yil yakuniga qadar 3,3 milliard dollarni tashkil etishi rejalashtirilgan. Buning uchun 21 ta korxonada OEKO-tex, 7 ta Sedex, 5 ta BSCI, 2 ta GOTS hamda 150 dan ortiq korxonalarda ISO (9001, 14001, 45001) xalqaro standartlari joriy qilindi.
O‘zbek paxtasining shuhrati jahonda tobora yuksalib borayotgan ekan, buning zamirida mamlakatimizda paxtachilik tarmog‘ini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, olimlar, soha mutasaddilari va fermer dehqonlarimiz mehnatining samaralari mujassamdir.
Prezident tomonidan ilgari surilgan tashabbusga ko‘ra, paxta hosilini moliyalashtirish shudgor davridan, ya’ni oktyabr oyidan boshlanadi. Klasterlarga paxta yetishtirishi (paxta qiymatining 60 foizi) uchun Qishloq xo‘jaligi jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 24 oyga kredit ajratilib, uning imtiyozli davri 11 oydan 18 oygacha uzaytiriladi.
Klasterlarga paxta terimini (paxta qiymatining 20 foizi) moliyalashtirish uchun ham Qishloq xo‘jaligi jamg‘armasi mablag‘laridan imtiyozli — 10 foiz stavkada kredit ajratiladi. Paxta yetishtirish uchun imtiyozli kreditlar faqat klasterlar orqali moliyalashtiriladi. Yakuniy hisob-kitob uchun (paxta qiymatining 20 foizi) olingan kredit foizining Markaziy bank stavkasidan (14 foiz) oshgan qismi Qishloq xo‘jaligi jamg‘armasi hisobidan qoplab beriladi.
Shuningdek, klasterlarga biriktirilgan 1 million gektar paxta maydonlarida tuproq unumdorligi va hosildorlikni oshirish, sug‘orishning yangi texnologiyalariga o‘tish, o‘simliklar himoyasi xizmatlari, zamonaviy laboratoriyalar barpo etish, fermerlarni o‘qitish kabi tadbirlar uchun har bir gektarga 1 million so‘mdan grant ajratiladi.
Klasterlar tomonidan ip-kalavani chuqur qayta ishlash kelgusi 2 yilda hozirgi 50 foizdan 70 foizga yetkaziladi. Matoni bo‘yash va aralash mato ishlab chiqaradigan uskunalar xaridi uchun korxona quvvatiga qarab davlat hisobidan moliyaviy grantlar ajratiladi. Bo‘yalgan mato va tayyor mahsulot ishlab chiqaruvchi korxonalarning eksportini qo‘llab-quvvatlash uchun davlat tomonidan stavkasi 4−5 foizdan oshmagan 100 million dollarlik yangi kredit liniyasi ochiladi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA