Jizzaxning boy hunarmandchilik merosi namoyish etildi
O‘zbekiston amaliy san’at va hunarmandchilik tarixi davlat muzeyida “Muzeylar haftaligi” doirasida Jizzax viloyatining boy hunarmandchilik merosiga bag‘ishlangan “Jizzax hunarmandchiligi: unutilayotgan an’analar va qayta tiklanayotgan meros” nomli tadbir bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligi va “Hunarmand” uyushmasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Jizzax viloyatida asrlar davomida shakllangan an’anaviy hunarmandchilik maktablarini keng jamoatchilikka tanishtirish, unutilish xavfi ostida turgan hunar turlariga e’tibor qaratish hamda milliy madaniy merosni asrab-avaylash va kelajak avlodga yetkazishni keng targ‘ib qilish yuzasidan ma’ruzalar qilindi.
Shuningdek, O‘zbekiston amaliy san’at va hunarmandchilik tarixi davlat muzeyi fondida saqlanayotgan Jizzax viloyatiga oid amaliy san’at namunalari, kulolchilik buyumlari namoyish etildi.
[gallery-31212]
Jumladan, ekspozitsiya orqali Jizzax kulolchiligiga xos shakl, bezak va badiiy yechimlar, mahalliy uslubning o‘ziga xos xususiyatlari, hunarmandchilikning hudud aholisi turmush tarzi va madaniy hayoti bilan bog‘liq jihatlari yoritildi.
Tadbirda qayd etilganidek, muzey to‘plamidagi ashyolarni zamonaviy hunarmandlar ijodi bilan uyg‘un holda namoyish etish orqali an’anaviy hunarlarning nafaqat tarixiy meros, balki bugungi ijodiy jarayon uchun ham muhim manba ekani ko‘rsatildi.
Shu bilan birga, Jizzax viloyatida faoliyat yuritayotgan hunarmandlarning ijodiy ishlari, saqlab kelayotgan an’analari va milliy hunarlarni davom ettirish borasidagi tajribalari namoyish etildi.
Tadbirning muhim qismi sifatida hunarmandlar ishtirokida mahorat darslari tashkil etildi.
Jumladan, mehmonlar “Gilamdo‘zlik”, “Qo‘l kashtachiligi”, “Yog‘och qoshiqlar va o‘yinchoqlar”, “Milliy taqinchoqlar”, “Milliy liboslar” kabi yo‘nalishlarda hunarmandchilik buyumlarining yaratilish jarayoni bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Mahorat darslarining asosiy maqsadi tayyor buyumni namoyish etish bilan cheklanib qolmasdan, uning ortida turgan mehnat, mahorat, an’ana va hunar sirlarini keng jamoatchilikka yetkazishdan iborat bo‘ldi.
Tashrif buyuruvchilar hunarmandlar bilan bevosita muloqot qilish, an’anaviy usullarni kuzatish va ayrim jarayonlarda o‘zlari ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu esa, o‘z navbatida, ustoz-shogird an’analarini rivojlantirish, yoshlarni milliy hunarmandchilikka qiziqtirish va amaliy bilimlarni avloddan-avlodga yetkazish uchun muhim maydon yaratdi.
Gulnoza Boboyeva,
Asliddin Alijonov(surat), O‘zA