Jizzaxda xalqaro anjuman: muhandislikning aqlli va barqaror yechimlari
Bugungi muhandislikning eng katta yutug‘i murakkab texnologiya yaratishdagina emas, balki ilm-fan yutuqlarini inson hayotini yaxshilaydigan amaliy yechimlarga aylantirishdadir. Jizzaxda o‘tkazilgan "ETSSIS 2026"xalqaro ilmiy konferensiyasi aynan shu maqsad yo‘lida yangi ilmiy aloqalar, zamonaviy g‘oyalar va istiqbolli tashabbuslarni bir maydonga jamladi.
Jizzax politexnika institutida tashkil etilgan “Engineering Tomorrow: Smart, Sustainable, and Innovative Solutions” (ETSSIS 2026) birinchi xalqaro ilmiy konferensiyasi o‘ndan ortiq davlat vakillarini birlashtirdi. 200 nafardan ziyod olim, muhandis va tadqiqotchi qatnashgan anjumanda qariyb 130 ta ilmiy maqola taqdim etildi. Raqamlar ortida esa zamonaviy muhandislik taraqqiyotiga daxldor savollar, izlanishlar va ularning yechimini topishga qaratilgan mushtarak intilish mujassam.
Konferensiya Jizzax politexnika instituti hamda IEEEning Rossiya-Sibir seksiyasi hamkorligida o‘tkazildi. Vengriyaning Óbuda universiteti hamkor sifatida ishtirok etdi. Anjumanning onlayn va oflayn shakllarda tashkil etilishi xorijiy olimlar bilan muloqot qilish, tajriba almashish va yangi hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish imkoniyatlarini kengaytirdi.
Bugun muhandislik oldida turgan vazifalar tobora murakkablashmoqda. Sanoatni raqamlashtirish, energiya tejamkorligini ta’minlash, ekologik muammolarga yechim topish, transport xavfsizligini oshirish – bularning barchasi chuqur ilmiy yondashuv va zamonaviy texnologiyalarni talab qiladi. Shu bois anjumanda nazariy izlanishlarni amaliyot bilan bog‘lash, ilmiy g‘oyalarni ishlab chiqarish ehtiyojlariga moslashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Ochilish marosimida Jizzax politexnika instituti rektori, texnika fanlari doktori, professor Alisher Usmanqulov va Vengriyaning Óbuda universiteti prorektori, professor Zoltan Rajnai (Zoltán Rajnai) ishtirok etdi. Xitoyning Suzhou University of Technology universiteti prezidenti, professor Jiang Jianming (Jiang Jianming) konferensiya qatnashchilariga onlayn murojaat yo‘lladi. Turli mamlakatlar oliy ta’lim muassasalari rahbarlari va olimlarining ishtiroki muhandislik sohasida xalqaro hamkorlikka bo‘lgan qiziqishni namoyon etdi.
Yalpi majlisda Vengriyaning Óbuda universiteti professori Andres Molnar (Andreás Molnár), Rossiya Fanlar akademiyasi Sibir bo‘limi tadqiqotchisi Damir Islamov, Germaniyada faoliyat yurituvchi sanoat maslahatchisi Rahmatilla Qo‘chqorov, Jizzax politexnika instituti dotsenti Doston G‘ulomov va boshqa mutaxassislar ma’ruzalar bilan qatnashdi. Muhokamalarda zamonaviy muhandislik muammolari, innovatsion ishlanmalarning amaliy qiymati va ularni hayotga tatbiq etish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Anjumanning ahamiyati shundaki, muhokama markaziga hayotning o‘zi taqozo etayotgan masalalar olib chiqildi. Jumladan, Jizzax viloyati avtomobil yo‘llaridagi ko‘priklarning texnik holatini sun’iy intellekt yordamida oldindan baholash, shahar transporti harakatini samarali boshqarish, atmosferadagi ifloslantiruvchi moddalarni mobil texnologiyalar orqali o‘lchashga qaratilgan tadqiqotlar e’tiborni tortdi.
[gallery-32050]
Bu kabi ishlanmalarning qiymati ularning ilmiy yangiligi bilangina emas, balki inson hayoti xavfsizligi, infratuzilma ishonchliligi va atrof-muhit muhofazasiga qo‘shadigan hissasi bilan ham belgilanadi. Masalan, ko‘priklarning texnik holatini oldindan baholash ehtimoliy nosozliklarni barvaqt aniqlashga, transport oqimini oqilona tashkil etish esa vaqt va resurslarni tejashga yordam berishi mumkin.
Energetika yo‘nalishidagi izlanishlar ham dolzarbligi bilan ajralib turdi. Quyosh energiyasidan qishloq xo‘jaligida foydalanish, fotoelektrik panellarni suv to‘plash va tomchilatib sug‘orish tizimlari bilan uyg‘unlashtirish, energiya tejamkor texnologiyalarni takomillashtirish kabi masalalar muhokama qilindi. Bunday yondashuvlar qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan unumli foydalanish bilan birga, suv va elektr resurslarini tejash imkoniyatlarini ham kengaytiradi.
Konferensiya doirasida sakkizta ustuvor yo‘nalish bo‘yicha shu’ba yig‘ilishlari tashkil etildi. Qayta tiklanuvchi energiya, barqaror muhandislik va ekologik tizimlar, aqlli shaharlar, kelajak transporti, sanoat avtomatlashtiruvi, sun’iy intellekt, ilg‘or materiallar va nano texnologiyalar, muhandislik ta’limini raqamli transformatsiya qilish masalalari yuzasidan fikr almashildi. Turli sohalarning bir ilmiy maydonda birlashishi zamonaviy muammolarni hal etishda fanlararo hamkorlik naqadar muhimligini namoyon etdi.
Ilmiy natijalarning xalqaro miqyosda tan olinishi ham alohida ahamiyatga ega. Konferensiyada taqdim etilgan va belgilangan mezonlarga muvofiq qabul qilingan maqolalarni IEEE Xplore xalqaro elektron kutubxonasiga kiritish uchun ko‘rib chiqishga yuborish rejalashtirilgan. Bu mualliflarga o‘z izlanishlarini kengroq ilmiy jamoatchilikka yetkazish imkonini berishi mumkin. Biroq maqolalarning Scopus kabi xalqaro ma’lumotlar bazalarida indekslanishi tegishli tashkilotlarning mustaqil baholashi va qarorlariga bog‘liq.
Jizzax politexnika instituti uchun mazkur anjuman yangi hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, mahalliy olimlarning ilmiy salohiyatini namoyon etish va yosh tadqiqotchilarni xalqaro ilmiy muhitga olib kirish yo‘lidagi muhim tajriba bo‘ldi. Institut rektori Alisher Usmanqulov tashabbusi bilan konferensiyani har yili o‘tkazish va uni xalqaro ilmiy hamjamiyat e’tirof etadigan anjumanga aylantirish ko‘zda tutilgan.
Albatta, bir konferensiyaning samarasi unda o‘qilgan ma’ruzalar yoki taqdim etilgan maqolalar soni bilan cheklanmaydi. Uning haqiqiy natijasi yangi hamkorlik shartnomalari, birgalikdagi tadqiqotlar, hayotga tatbiq etilgan ishlanmalar va ilmiy izlanishlarga qo‘shilgan yoshlar hissasida namoyon bo‘ladi. Shu ma’noda, kelgusida ishtirokchi davlatlar geografiyasini kengaytirish, nufuzli ilmiy markazlar bilan aloqalarni rivojlantirish va istiqbolli loyihalarni amaliy bosqichga olib chiqish muhim vazifa bo‘lib qoladi.
Zero, ilmning qudrati uning kitob sahifalarida yoki ilmiy minbarlarda qolib ketmasligida. U inson hayotiga kirib borganida, muammolarga yechim topganida, ishlab chiqarishga naf keltirganida va kelajak uchun yangi yo‘l ochganida haqiqiy kuchga aylanadi. Jizzaxdagi “ETSSIS – 2026” konferensiyasining istiqboli ham aynan shu mezonlar bilan belgilanadi.
Abdujalol Qayumov, Jamshid Yorbekov(surat),
O‘zA muxbirlari