“Erasmus+TEX4FUTURE” xalqaro loyihasining yakuniy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi
Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutida “Ta’limni modernizatsiya qilish sharoitida zamonaviy mashinasozlik va muhandislik sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlash istiqbollari: xalqaro tajriba” mavzusida Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi. Ushbu anjuman "Erasmus+Capacity Building in Higher Education” dasturi doirasida amalga oshirilayotgan “TEX4FUTURE” – “Textile Manufacturing for the Future in Uzbekistan and Kazakhstan” xalqaro loyihasining yakuniy konferensiyasi hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti, O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi hamda “TEX4FUTURE” xalqaro konsorsiumi tomonidan tashkil etilgan konferensiyada oliy ta’lim muassasalari, ilmiy tashkilotlar, davlat idoralari, sanoat korxonalari va biznes vakillari ishtirok etdi.
Unda muhandislik ta’limi, sanoatni raqamli transformatsiya qilish, innovatsion texnologiyalar hamda xalqaro akademik hamkorlikni rivojlantirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Konferensiya davomida “TEX4FUTURE” loyihasining amalga oshirilish natijalari sarhisob qilindi. Ushbu natijalarni keng targ‘ib qilish, universitetlar va sanoat korxonalari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash hamda iqtisodiyot va mehnat bozori talablariga mos amaliyotga yo‘naltirilgan muhandislik ta’limini rivojlantirish masalalariga e’tibor qaratildi.
Bugungi kunda universitetlar oldida raqamli texnologiyalar, avtomatlashtirish, zamonaviy materiallar, barqaror ishlab chiqarish va innovatsion tadbirkorlik sohalarida yuqori kompetensiyalarga ega yangi avlod muhandislarini tayyorlash vazifasi turibdi. Shu munosabat bilan universitetlar va sanoat o‘rtasidagi yaqin hamkorlikni rivojlantirish, xalqaro aloqalarni kengaytirish hamda amaliyotga yo‘naltirilgan ta’lim modellarini joriy etish muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Konferensiya xalqaro tajriba almashish, zamonaviy ilmiy va texnologik yutuqlarni muhokama qilish, “TEX4FUTURE” loyihasi natijalarini namoyish etish hamda universitetlar, sanoat korxonalari va xalqaro tashkilotlar o‘rtasida yangi hamkorlik yo‘nalishlarini shakllantirish uchun muhim xalqaro maydon vazifasini bajaradi.

Konferensiyada mutaxassislar va professor-o‘qituvchilar to‘qimachilik xom ashyosini qayta ishlash, barqaror to‘qimachilik ishlab chiqarishi, innovatsion materiallar va to‘qimachilik muhandisligi, feyshn-dizayn, raqamli texnologiyalar va yengil sanoatda innovatsiyalar kabi asosiy yo‘nalishlarda o‘zaro fikr-mulohaza almashib, kelgusidagi vazifalarni belgilab olishdi.
Muhtarama Komilova, O‘zA