Jizzaxda metallurgiya sohasi tobora rivojlanmoqda
Jizzax viloyatida sanoatni tarkibiy jihatdan yangilash va yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirishga qaratilgan islohotlar metallurgiya tarmog‘ida ham aniq iqtisodiy natijalarni ta’minlamoqda. Ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish, investitsiya loyihalarini izchil amalga oshirish hamda zamonaviy texnologiyalarni joriy etish sohaning barqaror o‘sishi uchun mustahkam zamin yaratmoqda.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning yanvar–may oylarida respublika bo‘yicha metallurgiya sanoati mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 151,8 trillion so‘mga yetdi. Shu davrda Jizzax viloyati hissasiga 192 milliard so‘mlik metallurgiya mahsulotlari to‘g‘ri keldi.
Mazkur ko‘rsatkichlar hududda sanoatni diversifikatsiya qilish, mahalliy xomashyoni chuqur qayta ishlash va raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishga qaratilgan tizimli ishlar izchil davom etayotganini ko‘rsatadi. Ayniqsa, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish, texnologik jihatdan zamonaviy uskunalarni joriy etish hamda investitsiyalarni jalb qilish metallurgiya tarmog‘ining iqtisodiyotdagi o‘rnini mustahkamlamoqda.

So‘nggi yillarda Jizzax viloyatida sanoat infratuzilmasini rivojlantirish, ishlab chiqarish zanjirlarini kengaytirish va yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ulushini oshirish ustuvor vazifalardan biriga aylandi. Bu esa metallurgiya sanoatida ishlab chiqarish sur’atlarini izchil oshirish, yangi quvvatlarni ishga tushirish hamda tarmoqning eksport salohiyatini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Bu yo‘nalishda davlat siyosati ham izchil takomillashtirilmoqda. Xususan, 2026-yil 15-iyunda Prezidentimiz rahbarligida o‘tkazilgan “Muhim minerallar xomashyo bazasini kengaytirish va yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi taqdimotda mamlakatda muhim minerallar zaxiralarini samarali o‘zlashtirish, boyitish va metallurgiyaning keyingi bosqichlarini rivojlantirish, yuqori texnologiyali mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish ustuvor vazifa sifatida belgilandi. Unda yangi konlarni o‘zlashtirish, boyitish fabrikalari hamda gidro va pirometallurgiya quvvatlarini tashkil etish orqali qo‘shilgan qiymat zanjirini kengaytirish vazifalari ilgari surildi. Bu kabi chora-tadbirlar hududlarda, jumladan, Jizzax viloyatida ham investitsiyaviy faollikni kuchaytirish, mahalliy xomashyoni chuqur qayta ishlash va metallurgiya sanoati raqobatbardoshligini yanada oshirishga xizmat qilmoqda.

Mutaxassislar ta’kidlaganidek, sanoat zonalari imkoniyatlaridan yanada samarali foydalanish, investitsiya muhitini jozibador qilish va mahalliy resurslarni yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlarga aylantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar Jizzax viloyatining metallurgiya sohasidagi salohiyatini yanada yuksaltirish, tarmoqning milliy iqtisodiyotdagi ulushini oshirish hamda yangi ish o‘rinlari yaratishga xizmat qiladi. Bu esa hudud sanoatining barqaror o‘sishi va iqtisodiy taraqqiyoti uchun muhim omil bo‘lib qolmoqda.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri