Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi Axborot xizmati hududda bir qator qonun buzilish holatlari sodir etilgani haqida xabar berdi.
Jumladan, Sharof Rashidov tuman tibbiyot birlashmasi hamshirasi shu tumandagi “Samarqand quduq” mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi fuqaro Hayiqboy Uyuqboyev (ism-sharifi o‘zgartirilgan) tomonidan “Nega onamga qaramayapsan?” deya urib, tan jarohati yetkazilgan.
Kaltaklanish oqibatida hamshira bosh miya chayqalishi tashxisi bilan tuman tibbiyot birlashmasining shoshilinch bo‘limiga yotqizilgan.
Ayni paytda, mazkur holat yuzasidan Sharof Rashidov tuman IIB mas’ul xodimlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda.
Endi hamshirani kaltaklagan zo‘ravon qonun oldida javob beradi.
***
Mamlakatimizda respublika Ichki ishlar vazirligi tomonidan turli diniy ekstremistik mazmundagi audio, video va matnli materiallarni saqlash va ularni tarqatish taqiqlangan.
Lekin shunga qaramay, Mirzacho‘l tumani “Do‘stlik” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi fuqaro Tengebay Kuchikbayev o‘z shaxsiy uyali telefonida turli diniy mazmundagi taqiqlangan materiallarni saqlab yurgani va o‘z telegramm messenjeri orqali uni tanishlariga tarqatganligi tuman IIB xodimlari tomonidan aniqlandi.
Xuddi shunga o‘xshash yana ikki holat Sharof Rashidov tumani IIB xodimlari tomonidan ham aniqlangan. Shu tumandagi “Mo‘lkanlik” hamda “Xavaslik” mahalla fuqarolar yig‘inlarida istiqomat qiluvchi 2 nafar fuqaro ham o‘z telefonlarida taqiqlangan diniy mazmundagi video-audio yozuvlar saqlab kelgan va ularni tanishlariga tarqatganligi fosh etilib, hujjatlashtirilgan.
Ushbu uchala holat yuzasidan ham tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.
***
Viloyatning Forish tumani “Bog‘don” shaharcha fuqarolar yig‘ini hududidan o‘tgan Jizzax – Forish – Qizilcha yo‘lida yo‘l transport hodisasi sodir etilishi oqibatida 1 nafar haydovchi tan jarohati oldi.
Qizilcha yo‘lida Namangan viloyati Chust tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro Abdubarno Hamidxonov o‘ziga tegishli bo‘lgan “Kobalt” rusumli avtotransport vositasida ketayotib boshqaruvni yo‘qotgan va qarama-qarshi yo‘nalishda kelayotgan Forish tumanidagi Amir Temur mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi fuqaro boshqaruvida kelayotgan “Neksiya” rusumli avtotransport vositasining yo‘liga chiqib ketgan. Natijada yo‘l transport hodisasi sodir etilgan.
Ushbu YTH oqibatida “Neksiya” haydovchisi tan jarohati olib, tuman tibbiyot markazi shifoxonasining shoshilinch bo‘limiga yotqizilgan.
Ushbu holat yuzasidan viloyat IIB mas’ul xodimlari tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
A.QAYUMOV, O‘zA