Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahridagi tinch bir oqshom. Ammo aynan shu kechada ikki yosh o‘rtasida boshlangan tortishuv katta fojiaga aylandi.
Mast holda ko‘chada yurgan Jiyanbay (ismlar o‘zgartilgan) sigareta chekib turgan Muroddan tamaki so‘raydi. Ammo Murod uning iltimosini rad etadi. Shu oddiy sabab bilan boshlangan aytishuv janjalni keltirib chiqardi. Jiyanbay g‘azabini tiya olmay, yerda yotgan g‘isht bo‘lagini olib, Murodning boshiga uradi.
Yosh yigit og‘ir jarohat oladi. Oqibatda hushini yo‘qotadi. Bundan foydalangan zo‘ravon Jiyanbay halokatga uchragan yigitning kiyimlari va telefonini olib, voqea joyidan qochib ketadi. Murod olgan tan jarohati oqibatida hodisa joyida hushsiz qolib, o‘ziga kelmasdan vafot etadi.
Bu ish jinoyat ishlari bo‘yicha Taxtao‘kpir tumani sudi tomonidan ochiq sud majlisida ko‘rib chiqildi. Sud jarayonida Jiyanbay qilmishini tan oldi, pushaymonligini bildirdi. Ammo sudya O.Maulenov ta’kidlaganidek, jinoyat uchun jazo muqarrar, inson hayotini qayta tiklab bo‘lmaydi.
Sud hukmiga ko‘ra, Jiyanbay O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi “d” bandi (og‘ir tan jarohati yetkazish orqali o‘limga sabab bo‘lish) va 164-moddasi 3-qismi “g” bandi (bosqinchilik) bilan aybdor deb topilib, uzil-kesil 11 yil ozodlikdan mahrum etildi.
Achinarlisi, bu ikki yosh ham hayotda o‘z o‘rnini topmoqchi bo‘lgan, ikkisi ham o‘z oilasining yolg‘iz farzandi edi. Jiyanbay — ilgari sport bilan shug‘ullangan, kuchli va irodali yigit bo‘lgan. Ammo bir lahza jahl, mastlik va beaql harakat uni ham, boshqalarni ham halokatga yetakladi. Murod esa oddiy, mehnatkash oilaning yolg‘iz o‘g‘li edi. Endi bu musibatni uning ota-onasi qanday ko‘taradi? Buni tasavvur qilish ham qiyin.
Bu voqea nafaqat jinoyat, balki jahlning inson taqdiridagi o‘rni haqidagi achchiq saboqdir. Bir lahza g‘azab, bir soniya beaql qaror — ikki oilaga ham kulfat keltirdi.
Jinoyat faqat qurbonni emas, jinoyatchini ham yo‘q qiladi. Jiyanbay o‘z irodasini yo‘qotdi, hayotini qamoqda o‘tkazishga mahkum bo‘ldi. Murod esa o‘z hayotini yo‘qotdi, ota-onasi bitmas dard ichida qoldi.
Bu voqea barchamizga saboq bo‘lsin. Jahlga ergashmang, aqlga quloq soling. Har bir jinoyatga jazo muqarrar. Zero, inson hayoti eng muqaddas ne’matdir!
Dovud Abibullayev, O‘zA