Jizzaxda gaz ta’minoti tizimi raqamlashtirilmoqda
Jizzax viloyatida tabiiy gaz nazorati va ta’minoti tizimida raqamli texnologiyalarni joriy etish orqali samaradorlikni oshirishga qaratilgan ishlar izchil davom etmoqda. Zamonaviy geoaxborot texnologiyalarining tatbiq etilishi natijasida texnik yo‘qotishlarni kamaytirish, nazoratni kuchaytirish va xizmat ko‘rsatish sifatini yanada yaxshilash imkoniyati yaratilmoqda.
Davlatimiz rahbari tomonidan sohalarni raqamlashtirish borasida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida “Hududgaz Jizzax” gaz ta’minoti filialida “ArcGIS-HGT onlayn boshqaruv” tizimi to‘liq yo‘lga qo‘yildi.
Mazkur loyiha doirasida viloyatdagi shahar va tuman gaz ta’minoti bo‘limlarining 90 nafar mas’ul xodimiga shaxsiy login-parol va maxsus QR-kodlar biriktirildi. Endilikda soha mutaxassislari gaz quvurlaridagi nosozliklar, ta’mirlash jarayonlari hamda texnik ko‘rik natijalarini qog‘oz shaklida emas, balki maxsus mobil ilova orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri markaziy bazaga kiritmoqda.

Bu orqali gaz taqsimlash punktlaridagi profilaktika ishlari, yangi tarmoqlarni tortish va boshqa texnik jarayonlar real vaqt rejimida raqamli xaritada aks ettirilmoqda. Ma’lumotlar avtomatik tarzda jamlanib, tuman, viloyat va respublika miqyosida tahlil qilinadi.

Tizimning muhim afzalliklaridan biri — nazorat imkoniyatlarining kengayganidadir. Endi mutaxassislarning kunlik ish samaradorligini masofadan kuzatish, maxsus texnikalar va diagnostika vositalari harakatini GPS orqali onlayn nazorat qilish imkoni mavjud. Bu esa gaz quvurlari va gaz taqsimlash punktlarining texnik holatini doimiy monitoring qilib borish, avariya holatlarining oldini olishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Raqamli yechimlar ichki ish jarayonlarini tezlashtirish bilan birga, hisobotlar aniqligini ta’minlashga xizmat qilmoqda. Eng muhimi, gaz ta’minotidagi uzilish yoki nosozliklarni bartaraf etish vaqti sezilarli darajada qisqarmoqda. Bu esa aholi va tadbirkorlik sub’ektlarini uzluksiz hamda sifatli tabiiy gaz bilan ta’minlash imkonini kengaytirmoqda.
Mutasaddilarning ta’kidlashicha, Jizzax viloyatida joriy etilayotgan mazkur raqamli tizim gaz ta’minoti sohasini samarali boshqarish, ortiqcha sarf-xarajatlarni kamaytirish va ochiqlikni ta’minlashda muhim ahamiyatga ega.
Jamshid YORBEKOV (surat, video), O‘zA