Jizzaxda dual ta’lim rivojlantiriladi
Bugun mehnat bozorida nazariy bilimning o‘zi yetarli emas. Zamonaviy ishlab chiqarish jarayonlarini yaxshi biladigan, o‘z mutaxassisligi bo‘yicha amaliy ko‘nikmaga ega va yangi texnologiyalarni tez o‘zlashtira oladigan kadrlarga ehtiyoj tobora ortib bormoqda. Shu ma’noda, ta’lim bilan ishlab chiqarishni uyg‘unlashtirish, talabani amaliyot muhitiga yaqinlashtirish muhim vazifalardan biriga aylanmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 2025-yil 2-dekabr kuni Jizzax viloyatiga tashrifi chog‘ida Jizzax politexnika instituti qoshida tashkil etilgan Avtomobilsozlik muhandislik maktabi faoliyati bilan tanishgandi. Bu yerda “BYD Uzbekistan Factory” va “ADM Jizzakh” korxonalari bilan malakali mutaxassislar tayyorlash va ularni ishga joylashtirish bo‘yicha hamkorlik yo‘lga qo‘yilgani, talabalar uchun zamonaviy o‘quv platformalarida ikki yillik dual ta’lim tashkil etilgani taqdimot qilingandi.

Ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasiga asoslangan ushbu yondashuv Jizzax politexnika institutida dual ta’limni yanada rivojlantirish, talabalarning amaliy tayyorgarligini kuchaytirish hamda ularni mehnat bozori talablariga mos kasb egasi qilib tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Ayni yo‘nalishda O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2026-yil 16-martdagi 108-son buyrug‘i ijrosini ta’minlash doirasida ham amaliy ishlar izchil davom ettirilmoqda.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Energetika vazirligi va Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamkorligida Prezidentning 2025-yil 2-dekabr kuni Jizzaxga tashrifi chog‘ida yuklagan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida institut hamda “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati (AJ) Jizzax filiali, “Energosavdo” filiali Jizzax bo‘linmasi, “Hududgaz Jizzax” gaz ta’minot filiali (GTF) va “Jizzax suv ta’minoti” AJ o‘rtasida hamkorlik memorandumlari imzolandi.

Mazkur kelishuvlar ta’lim jarayonini ishlab chiqarish ehtiyojlari bilan uyg‘unlashtirishga xizmat qiladi. Ularning asosiy maqsadi – talabalarni dual ta’lim asosida tayyorlash, nazariy bilimlarini amaliyot bilan mustahkamlash, hududning energetika, gaz va suv ta’minoti sohalaridagi mavjud muammolarni bartaraf etishga ko‘maklashish hamda bitiruvchilarning bandligini ta’minlash.

Eng muhimi, talaba o‘z mutaxassisligiga oid bilimlarni faqat auditoriya va laboratoriyada emas, balki real ish jarayonida sinab ko‘rish imkoniga ega bo‘ladi. Korxona va tashkilotlardagi amaliy mashg‘ulotlar yosh mutaxassislarga ishlab chiqarish muhitini his qilish, zamonaviy uskunalar bilan ishlash, kasbiy mas’uliyatni anglash va nazariy bilimlarini amaliyot bilan bog‘lash imkonini beradi.

Bunday hamkorlik ish beruvchilar uchun ham muhim. Zero, korxona va tashkilotlar bo‘lajak mutaxassislarni tayyorlash jarayonida bevosita ishtirok etib, mehnat bozori talablariga mos kadrlar shakllanishiga hissa qo‘shadi. Ta’lim muassasasi esa o‘quv jarayonini amaliyot ehtiyojlari bilan uyg‘unlashtirish, talabalarning kasbiy salohiyatini yuksaltirish va ularning kelgusi bandligi uchun mustahkam zamin yaratish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Bugun Jizzax politexnika institutida amalga oshirilayotgan ishlar ana shu maqsadga – bilimni amaliyot bilan boyitish, talabani kasbga tayyorlash va ta’lim natijasini mehnat bozori ehtiyoji bilan uyg‘unlashtirishga qaratilgan.
Zero, dual ta’limning mohiyati ham shunda: talaba o‘qiydi, o‘rganadi, amaliyotda sinaydi va o‘z kasbining haqiqiy mutaxassisi sifatida shakllanadi.
Abdujalol Qayumov,
O‘zA muxbiri