Jizzax–Xitoy hamkorligi: yangi imkoniyatlar bosqichi
Jizzax viloyati hokimi Ulug‘bek Mustafoyev boshchiligidagi delegatsiyaning Xitoy Xalq Respublikasiga amalga oshirayotgan xizmat safari doirasida o‘tkazilgan uchrashuv va muloqotlar vohaning xalqaro iqtisodiy aloqalarini kengaytirish, yangi investitsiyalarni jalb qilish hamda yuqori texnologiyali hamkorlikni yo‘lga qo‘yishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Delegatsiya dastlab Chunsin shahrida bo‘lib o‘tgan “2026-yilgi Xalqaro do‘stlik shaharlari hamkorlik konferensiyasi”da ishtirok etdi. 27 davlat vakillari qatnashgan nufuzli anjumanda savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Konferensiya doirasida tashkil etilgan panel sessiyalari va biznes muloqotlarida Jizzax viloyatining investitsiyaviy salohiyati, sanoat imkoniyatlari, eksport yo‘nalishlari hamda istiqbolli loyihalari taqdim etildi. Shuningdek, xorijiy investorlar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar va davlat tomonidan berilayotgan imtiyozlar haqida atroflicha ma’lumot berildi.

Chunsin shahri tadbirkorlari bilan o‘tkazilgan uchrashuvlarda ishlab chiqarish, logistika, qishloq xo‘jaligi va sanoat kooperatsiyasi sohalarida hamkorlikni kengaytirish yuzasidan amaliy muzokaralar olib borildi. Bu esa Jizzax viloyatining xalqaro ishbilarmonlik muhitidagi o‘rni va salohiyati tobora ortib borayotganini ko‘rsatmoqda.

Xizmat safarining keyingi manzili Sian shahri bo‘ldi. Bu yerda delegatsiya Uchinchi O‘zbekiston–Xitoy hududlararo hamkorlik forumi hamda O‘ninchi xalqaro Ipak yo‘li ko‘rgazmasida ishtirok etdi. Mazkur forum ikki davlat hududlari o‘rtasida sanoat kooperatsiyasi, investitsiya, eksport va logistika sohalaridagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilayotgan muhim xalqaro maydon sifatida e’tirof etilmoqda.

Forum doirasida Jizzax viloyati bilan Shandun provinsiyasi o‘rtasida hamkorlik bo‘yicha anglashuv memorandumi imzolandi. Shuningdek, viloyat hokimi Shandun provinsiyasi gubernatori o‘rinbosari Sun Simin bilan uchrashuv o‘tkazib, sanoat kooperatsiyasi, eksport, logistika va qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalarini muhokama qildi.

Muloqotlar davomida Jizzax viloyatida zamonaviy texnologiyalarga asoslangan sanoat tarmoqlarini rivojlantirish, eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish va qo‘shma korxonalar tashkil etish bo‘yicha o‘zaro manfaatli kelishuvlarga erishildi.

Xizmat safari doirasida agrosanoat sohasida ham muhim muzokaralar o‘tkazildi. Xususan, Xitoyning yirik agrosanoat kompaniyasi — Xinjiang Boshiran Intelligent Agricultural Machinery rahbari Chen Yon bilan uchrashuvda Jizzax viloyatida agrosanoat klasterlari tashkil etish, paxtani qayta ishlash, yuqori hosildor paxta navlarini joriy qilish va qishloq xo‘jaligini raqamlashtirish masalalari muhokama qilindi.
Kompaniya tomonidan zamonaviy agrotexnologiyalar, intellektual agromashinalar va avtomatlashtirilgan ishlab chiqarish tizimlari taqdim etildi. Bu kabi texnologiyalarning joriy qilinishi qishloq xo‘jaligida mehnat unumdorligini oshirish, resurs tejamkorligini ta’minlash va eksport hajmini ko‘paytirishda muhim omil bo‘lishi ta’kidlandi.

Xizmat safari doirasida ta’lim sohasida ham muhim kelishuvlarga erishildi. Sian shahrida bo‘lib o‘tgan forum doirasida Jizzax davlat pedagogika universiteti, Sian International Education University hamda Beijing Financial Street Education Investment o‘rtasida uch tomonlama hamkorlik shartnomasi imzolandi.
Hamkorlik doirasida “xitoy tili + kasbiy ko‘nikmalar” tamoyili asosida ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish, xitoy tili va madaniyati markazini tashkil etish, shuningdek, hududda faoliyat yuritayotgan Xitoy korxonalari uchun mutaxassislar tayyorlash rejalashtirilgan.
Bugun Jizzax viloyatining Xitoy bilan yo‘lga qo‘yayotgan ko‘p qirrali hamkorligi nafaqat investitsiya va sanoat sohasida, balki ta’lim, innovatsiya va inson kapitali rivojida ham yangi imkoniyatlarni ochmoqda. Eng muhimi, bu kabi amaliy muloqot va kelishuvlar Yangi O‘zbekistonning ochiq, pragmatik va investitsiyaviy jozibador davlat sifatidagi xalqaro nufuzini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri