Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Jizzax viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i, general-mayor G‘ayrat Qodirovning navbatdagi qabulida 30 dan ziyod fuqaroning murojaati tinglandi.
Ularning aksariyati shaxsiy mulk bilan bog‘liq masalalarga taalluqli bo‘lsa, oilaviy kelishmovchiliklar, surishtiruv va tergov jarayonlari, ichki ishlar organlarida xizmat qilish, xodimlar oila a’zolarini ijtimoiy himoyalash, xizmat joyini o‘zgartirish va rotatsiya masalalari yuzasidan ham murojaatlar bo‘ldi.


Qabul davomida har bir murojaat mazmun-mohiyatidan kelib chiqib ko‘rib chiqildi, fuqarolarga huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash yuzasidan zarur tushuntirishlar berildi.
***

Forish tumani “Bog‘don” markaziy o‘yingohida keng ko‘lamli ta’mirlash va rekonstruksiya ishlari olib borilmoqda. Ayni vaqtda bu yerda zamonaviy sport majmuasi qurilishi ham davom etmoqda.

Loyiha doirasida o‘yingoh minbarlari, yugurish yo‘laklari va futbol maydoni zamonaviy talablar asosida yangilanadi. Yopiq sport zallari, turli seksiyalar uchun mashg‘ulot xonalari va maydonchalar barpo etiladi. Sportchilar va tomoshabinlar uchun qulay sharoitlar yaratilib, majmua zamonaviy yoritish hamda muhandislik-kommunikatsiya tizimlari bilan jihozlanadi.

Yangi majmua nafaqat sportchilar uchun mashg‘ulot maskani, balki yoshlarni ommaviy sportga jalb etish, bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil qilish va sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etishga xizmat qiladi.
***
Mustaqilligimizning 35 yilligi munosabati bilan Arnasoy tumani Cho‘lquvar mahallasida yangi istirohat bog‘i aholi ixtiyoriga topshirildi.

Ochilish marosimi mahalla ahli uchun quvonchli voqeaga aylandi. Obod va ko‘rkam maskanda aholining mazmunli hordiq chiqarishi, oilalar bilan vaqt o‘tkazishi hamda turli madaniy-ma’rifiy tadbirlarni tashkil etishi uchun imkoniyatlar yaratildi.

Tadbirda Arnasoy tumani hokimi Odil Musanov ishtirok etib, mahalla ahlini yangi maskan bilan tabrikladi. Bunday obodonchilik ishlari mahallaning qiyofasini yangilash bilan birga, odamlar uchun munosib dam olish muhitini shakllantirishga xizmat qilmoqda.
***
Paxtakor tumani Oltinko‘l mahallasida hududda amalga oshirilayotgan ishlar, aholi murojaatlari va belgilangan vazifalar ijrosi muhokama qilindi.

Islohotlar shtabi rahbari Dilbar Jabborova muammolarni xonadonma-xonadon o‘rganish, aholi bilan yaqin muloqotni yo‘lga qo‘yish va topshiriqlar ijrosini kuchaytirish zarurligini ta’kidladi.

Yig‘ilishda 17 nafar xodimning faoliyati tahlil qilinib, ularning har biriga aniq vazifalar belgilandi. Endi asosiy e’tibor murojaatlarni joyida o‘rganish, muammolarni imkoni boricha tez hal etish va belgilangan topshiriqlarni sifatli bajarishga qaratildi.
***
Viloyat prokuraturasida navbatdagi “Ma’rifat soati” o‘tkazildi.

Tadbirda viloyat soliq boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Abbos Vaqqosov ishtirok etib, Prezidentning 2020-yil 30-oktabrdagi “Yashirin iqtisodiyotni qisqartirish va soliq organlari faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni mazmun-mohiyati haqida ma’lumot berdi.

Muloqotda yashirin iqtisodiyotni qisqartirish, soliq intizomini mustahkamlash va qonunchilik talablariga rioya etish masalalari muhokama qilindi. Xodimlarni qiziqtirgan savollarga mutaxassis tomonidan batafsil javoblar berildi.
Abdujalol Qayumov,
O‘zA muxbiri