“G‘aibat” emas, endi “G‘oyibota”
Qo‘shni mamlakatdan kelgan hamkasbimiz yurtimizdagi tog‘ va cho‘qqilar haqida lavha tayyorlayotganini aytib, Samarqand viloyatidagi tog‘lar to‘g‘risida ma’lumot to‘plashda yordam so‘radi. Tegishli tashkilotlar, mahalliy hokimliklar yordamida u so‘ragan ma’lumotlarni yig‘ib berdim.
Ammo hamkasbim aytgan Alyami tog‘ tizmasi haqida eshitmaganim uchun bu to‘g‘risidagi ma’lumotlarni topishda biroz izlanishga to‘g‘ri keldi. Eski xaritalarda bu Nuroboddagi Mirhaydar tog‘ining janubiy-g‘arbidagi tizma sifatida ko‘rsatilgan, ammo hudud aholisidan bu haqda so‘raganimizda bu tog‘ Alyami emas, Alamli deb atalishini aytishdi.
Shundan so‘ng, xaritadagi boshqa tog‘ va cho‘qqilar nomlari bilan ham qiziqib qaraganimda ularning aksariyati ruscha talaffuzda qanday aytilgan bo‘lsa, shunday nomlanganiga guvoh bo‘ldim.

O‘tgan yil va joriy yilda Vazirlar Mahkamasi tomonidan mamlakatimizdagi ayrim geografik ob’ektlarining nomlarini davlat tili qoida va me’yorlariga muvofiqlashtirish hamda yangi nom berish to‘g‘risida bir necha qarorlar qabul qilindi. Natijada yurtimizdagi bir qator daryo, soy, ko‘l, buloq va sharsharalar, tog‘ tizmalari, tog‘ va cho‘qqilar, dara, dovon va g‘orlar nomlari o‘zbekchalashtirildi, yangi nomlar berildi.


– Yurtimizdagi har bir geografik ob’ektning nomi hudud tarixi va u yerda yashovchi aholining turmush tarzi, an’ana va qadriyatlaridan, kasb-koridan kelib chiqqan, – deydi Samarqand viloyati hokimining ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi Sherali Temirov. – Hozir ham ob’ektlarga nom berishda ana shu jihatlarga alohida e’tibor qaratiladi. Lekin sobiq ittifoq davrida, o‘zbek tili davlat tili maqomida bo‘lmagan paytda qo‘yilgan joy nomlari va boshqa atamalarda bunga yetarli darajada e’tibor berilmagani hech kimga sir emas. Shuning uchun eski xaritalar, kitob va boshqa ma’lumotnomalardagi joy nomlari tushunarsiz, hatto g‘aliz ma’no keltirib chiqaradigan darajada ekanligini ko‘rishimiz mumkin. Albatta, shu paytgacha aksariyat geografik ob’ektlar nomlari adabiy til qoida va me’yorlariga moslashtirildi, qayta nomlandi yoki yangidan nom berildi. Endilikda bu boradagi ishlar yurtimizdagi tog‘ va tog‘ tizmalari, daryolar va soylar, dovon va daralar nomlarini tilimiz qoidalariga moslashtirishda o‘z ifodasini topmoqda. Jumladan, Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 9-yanvardagi qaror bilan mamlakatimizdagi ayrim tog‘ tizmalari, tog‘ va cho‘qqilar nomlari qatorida Samarqand viloyatidagi 20 ta shunday geografik ob’ektlar nomi davlat tili qoida va me’yorlariga muvofiqlashtirildi. Masalan, Nuroboddagi Mirhaydar tog‘ining shimoliy-sharqida joylashgan “Beshtau” tog‘ tizmasi “Beshtov”, shu tog‘ning janubiy-g‘arbidagi “Alyami” tog‘ tizmasi “Alamli”, Nurota tog‘ining janubida, Go‘rdara va Qizilolma soylarining oralig‘ida joylashgan “G‘aibat” tog‘ tizmasi “G‘oyibota”, Zarafshon tog‘ tizmasidagi “Chalduktaran” tog‘i “Qirqqiz” deb nomlandi. Shu yil 9-iyul kuni qabul qilingan qaror bilan esa viloyatimizdagi 6 ta tog‘ va dovon nomi davlat tili me’yorlariga moslashtirildi. O‘z navbatida nomi o‘zgartirilgan, yangi nom berilgan geografik ob’ektlar va ular yaqinida o‘rnatilgan peshlavhalar hamda axborot ko‘rsatkichlari yozuvlari davlat tili qoida va me’yorlariga muvofiq lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida yozilishi ta’minlandi.
G‘olib Hasanov, O‘zA muxbiri