Jizzax karami Yevropa bozoriga yo‘l oldi
Jizzax viloyatida yetishtirilayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini tashqi bozorlarga chiqarish ko‘lami kengayib, milliy eksport salohiyatini mustahkamlashda muhim omilga aylanmoqda. Navbatdagi amaliy qadam sifatida hududda parvarishlangan karam mahsulotining yangi partiyasi Yevropaga eksport qilindi.
Latviya kompaniyalari bilan yo‘lga qo‘yilgan barqaror hamkorlik doirasida "BMB Holding" tarkibidagi “BMB Impex” korxonasi tomonidan amalga oshirilgan ushbu eksport operatsiyasi mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochmoqda. Ayniqsa, mahsulot sifati va ekologik tozaligi Yevropa bozori talablariga mos kelayotgani eksport geografiyasini yanada kengaytirishga zamin yaratayapti.

Mutaxassislar fikricha, bunday hamkorliklar nafaqat alohida korxonalar, balki butun tarmoq rivojiga xizmat qiladi. Zero, tashqi bozorlarga chiqish orqali “Made in Uzbekistan” brendi ostidagi mahsulotlarning raqobatbardoshligi ortib, milliy iqtisodiyotda qo‘shilgan qiymat ulushi o‘sadi
So‘nggi yillarda mamlakatda eksportni qo‘llab-quvvatlash, yangi bozorlarni o‘zlashtirish va mahsulot turlarini diversifikatsiya qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 28-yanvardagi “2022 - 2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi farmoni bilan tasdiqlangan taraqqiyot strategiyasida eksport hajmini oshirish, uning tovar va geografiya tarkibini kengaytirish ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilangan.

Mazkur yo‘nalishdagi amaliy ishlar "O‘zbekiston – 2030" strategiyasi doirasida ham izchil davom ettirilib, qishloq xo‘jaligida yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish va ularni xalqaro bozorlarga chiqarish mexanizmlari takomillashtirilmoqda. Bu esa o‘z navbatida eksport hajmi, turi va geografiyasini kengaytirishga xizmat qilmoqda.
Ta’kidlash joiz, “BMB Holding” tomonidan amalga oshirilayotgan tashqi savdo operatsiyalari nafaqat Yevropa, balki boshqa mintaqalar bozorlarini ham qamrab olishga qaratilgan. Kelgusida bunday tashabbuslar orqali eksport yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish va milliy mahsulotlarning xalqaro maydondagi nufuzini oshirish rejalashtirilgan.
Abdujalol Qayumov, O‘zA