Obod va osuda Vatanimizda fasllar kelinchagi bahor Surxon tarafdan boshlanadi. Shu bois janubdagi vohada tabiat boshqa hududlarga nisbatan erta uyg‘onadi. Maysalar erta nish urib, yaproq yozadi. Dov-daraxtlar erta kurtak ochib, qiyg‘os gullaydi. Sayroqi qushlar ham subhidamdan go‘yoki ko‘klamni kuylayotgandek taassurot uyg‘otadi.
Bu yil viloyatda qish faslining ancha iliq kelgani tabiatni o‘tgan yillardagidan ham ertaroq uyg‘otib, bahor nafasi esa boshladi. Shunga mos ravishda sharqona Yangi yil – Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ishlari ham barvaqt boshlab yuborildi. Dalalarda ekin ishlariga, g‘alla maysalari parvarishi va ariq zovurlarni tozalashga, tevarak-atrofni obodonlashtirib, ko‘kalamzorlashtirishga ertaroq kirishildi.


Prezidentimizning “2025 yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq yasharish va yangilanish, mehr-oqibat bayramini “Qadriyatlaring boqiy bo‘lsin, Navro‘z!” degan bosh g‘oya asosida umumxalq sayillari shaklida yuqori saviyada keng nishonlash belgilab olindi. Viloyatning asosiy bayram sayillarini Termiz shahridagi muhtasham “San’at saroyi” bog‘ida o‘tkazish rejalashtirildi.
Xalqimizning ahillik, bag‘rikenglik, izlanuvchanlik kabi yuksak fazilatlarini keng namoyon etadigan Navro‘z ayyomi vohaning har bir qishloq va mahallasida, tumanlarida umumxalq sayli sifatida keng nishonlanadi. Bu shodiyonalarga har bir hududning tarixi olis o‘tmishga borib taqaladigan qadriyatlari, urf-odat va an’analari o‘zgacha fayz ulashadi. Viloyatning asosiy bayram tadbirida ham Termiz shahri va tumanlari o‘ziga ajratilgan qo‘rg‘onlarni milliy qadriyatlarimizga xos bezab, turli ko‘rgazmalar tashkil qiladi. Folklor san’ati va milliy sport o‘yinlarini namoyish etadi. Sumalak va boshqa bahor taomlarini tayyorlab, bayram ishtirokchilariga ulashadi.

– Navro‘z – eng qadimiy, eng go‘zal, eng nafis bayramimiz, – deydi viloyat hokimi o‘rinbosari Jo‘rabek To‘rayev. – Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan qadimdan xalqimizni yagona maqsad va ezgu intilishlar atrofida birlashtirib kelgan bu shodiyonani yuqori saviyada nishonlashga e’tibor kuchaytirildi. Ulug‘ ayyomni asl holida xalq sayillari sifatida o‘tkazish ajoyib an’anaga aylandi. Bu yilgi sharqona Yangi yilni ham yanada jozibali, serzavq qarshi olish uchun qiziqarli dasturlarni belgilab oldik. Sayillar chog‘ida namoyish etiladigan tomoshalar uchun milliy liboslar va dekoratsiyalar ishlab chiqildi. Qiziqarli konsert dasturlarida folklor jamoalari va el suygan baxshilarga alohida o‘rin ajratilmoqda. Kuragi yerga tegmagan polvonlar bellashuvlari va boshqa milliy sport o‘yinlari bayram tadbirlariga yanada o‘zgacha zavqu shavq bag‘ishlaydi. Viloyatda bayramni uyushqoqlik bilan yuksak darajada o‘tkazish uchun tayyorgarlik ishlari allaqachon boshlab yuborilgan.

Odatda Navro‘zni yil boshi, yasharish va yashnatish faslining boshlanishi sifatida kutib olib, ulug‘laydigan viloyat ahli bayram arafasida ekin ishlarini boshlash bilan birga o‘tgan yilni sarhisob qilib, bu yilgi rejalarini ham belgilab oladi. Jumladan, yakunlangan yil vohaning yalpi hududiy mahsulot ishlab chiqarishida birgina qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hajmi 36,7 trillion so‘mni tashkil etdi. Yangi yilda bu ko‘rsatkichni 41,7 trillion so‘mga yetkazish mo‘ljallanmoqda. O‘tgan yili viloyat g‘allakorlari mavjud maydonlardan qariyb 248 ming tonna sara don yig‘ishtirib olib, gektarlar hosildorligini 76,5 sentnerga yetkazgan bo‘lsa, joriy yilda o‘rtacha hosildorlikni 86 sentnerga yetkazishni ko‘zda tutmoqda. Shuningdek, meva-sabzavot, poliz va boshqa ekinlardan ham o‘tgan yildagidan mo‘l hosil olish uchun bahorgi dala yumushlari qizg‘in boshlab yuborildi.

Yuksalishga yuz tutayotgan viloyatda sanoat, qurilish, tadbirkorlik, xizmatlar ko‘rsatish va boshqa sohalarda ham o‘tgan yilgi yutuqlarni yanada mustahkamlash yo‘lida keng qamrovli ishlar olib borilmoqda.
Inson qadri ulug‘lanayotgan mamlakatimizda aholining osuda va farovon hayot kechirishi uchun barcha sharoit yaratilmoqda. Shunga asosan bu yil viloyatda 77 ta eng og‘ir ahvoldagi mahalla tanlab olinib, infratuzilmasini tubdan yaxshilash, ishsizlik va kambag‘allikni qisqartirish dasturi ishlab chiqildi. Endilikda bu mahallalarda yerlarning sug‘orish tizimi yaxshilanadi. Barqaror elektr energiyasi va optik tolali internet tarmog‘i bilan ta’minlanib, ichki yo‘llari ta’mirlanadi. Bunga qo‘shimcha to‘rtta mahallada “Obod xonadon – obod ko‘cha – obod mahalla” mezonlari joriy etilib, qiyofasi tubdan o‘zgartiriladi. Bunday ulug‘vor ishlar uchun 77 ta eng og‘ir ahvoldagi mahallaga 256 milliard so‘mdan ortiq, to‘rtta mahallaning har biriga uch milliard so‘mdan mablag‘ ajratildi. Bu ishlarni belgilangan muddatlarda sifatli amalga oshirish uchun “yo‘l xaritasi” ishlab chiqilib, har bir xonadon, ko‘cha va infratuzilma ob’ektlari xatlovdan o‘tkazildi. Mahallalarga respublika darajasidagi rahbar va o‘rinbosarlari, viloyat hamda tuman, shahar idora va tashkilot, muassasalari mutasaddilari biriktirilib, ko‘klam nish urishi bilan barcha yumushlarni tez, sifatli amalga oshirishga kirishildi.
Navro‘z insonning tabiat bilan uzviyligini, xalqimizning mehr-oqibat, hamjihatlik, bag‘rikenglik va bunyodkorlik kabi bebaho fazilatlarini o‘zida ifodalaydigan ulug‘ ayyom. Bu yil ham yangilanayotgan qishloq va mahallalarda, shahar va tuman markazlarida tashkil etiladigan bayram shodiyonalari ko‘p millatli xalqimizni ona zaminni ardoqlab, uning bebaho ne’matlarini, to‘kin, tinch hayotini qadrlashga undashi, osuda va obod yurtda shukronalik hissi bilan yashashga chorlashi bilan yanada serfayz, serzavq o‘tadi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri