Jang san’ati: Chimkentda o‘tgan Osiyo chempionatida qadriyatlarimiz ulug‘landi
Qozog‘istonning Chimkent shahrida o‘smirlar, yoshlar va kattalar o‘rtasida o‘zbek jang san’ati bo‘yicha tashkil etilgan qit’a chempionatida Hindiston, Janubiy Koreya, Tojikiston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston va Qozog‘iston kabi davlatlardan 1500 nafardan ortiq sportchilar g‘oliblik yo‘lida kurashga kirishdi.
Chempionatning tantanali ochilish marosimida ishtirok etganlar O‘zbek jang san’ati sport turining xalqaro maydonda keng rivojlanayotgani, yoshlarning sevimli sport turiga aylanib ulgurgani, uning yo‘nalish va mashqlarida milliy qadriyatlar timsoli aks etganini ta’kidlashdi.

Musobaqaning ilk kunida 7 yoshdan 15 yoshgacha bo‘lgan yosh atletlar "Jang kurashi" yo‘nalishi bo‘yicha kurash olib borishgan bo‘lsa, bellashuvlarning ikkinchi kunida 16-17 yosh va kattalar o‘rtasida "Temuriylar bellashuvi" hamda "Ko‘rgazmali chiqish" yo‘nalishlarida o‘zaro kuch sinashdi.

Bellashuvlarni turli davlatlardan kelgan hakamlar sof o‘zbek tilida jang san’ati qoidalari asosida bahslarni boshqarib borgani milliy sport turlarimiz dunyo bo‘ylab keng rivojlanayotganidan dalolat, deyish mumkin.

Murosasiz o‘tgan musobaqalar yakuniga ko‘ra, umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni O‘zbekiston terma jamoasi qo‘lga kiritdi. 2-o‘rin Qozog‘iston jamoasi, 3-o‘rinlarni esa Qirg‘iziston va Tojikiston sportchilari qo‘lga kiritdi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA