Jamoat xavfsizligini ta’minlashda sun’iy intellekt va robototexnika imkoniyatlaridan foydalaniladi
Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazida Milliy gvardiya mas’ul rahbarlari ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Unda jamoat xavfsizligini ta’minlash sohasida professional kadrlar tayyorlash, tizimga ishga qabul qilish tartibi va qonunchilikdagi yangiliklar yuzasidan ma’lumot berildi.
Shuningdek, Milliy gvardiya tizimida zamonaviy texnologiyalardan foydalanish, xususan, dronlar, robototexnika vositalari va sun’iy intellekt imkoniyatlarini xizmat faoliyatiga tatbiq etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Jumladan, dronlar orqali hududlarni kuzatish va vaziyatni tezkor baholash, robototexnika vositalaridan murakkab yoki xavfli vaziyatlarda foydalanish, sun’iy intellekt yordamida esa ma’lumotlarni tahlil qilish va ehtimoliy xavf-xatarlarni aniqlash imkoniyatlari tushuntirildi.
Yangi texnologiyalarni samarali qo‘llash uchun harbiy xizmatchilarning texnik bilim va amaliy ko‘nikmalarini oshirish muhimligi ta’kidlandi.
Nigora Rahmonova,
O‘zA