Jamoat xavfsizligini ta’minlash sohasida kadrlar tayyorlash tizimi takomillashmoqda
Davlatimiz rahbarining “Jamoat xavfsizligini ta’minlash sohasida professional kadrlarni tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, 2026/2027 o‘quv yilidan Jamoat xavfsizligi universitetida ichki ishlar organlarining huquqbuzarliklar profilaktikasi, yo‘l harakati xavfsizligi, jamoat tartibini saqlash hamda qo‘riqlash faoliyati (jamoat xavfsizligini ta’minlash) yo‘nalishlarida kadrlar tayyorlanadi.
Shu maqsadda universitetning yillik qabul kvotalari bakalavriat ta’lim yo‘nalishining kunduzgi ta’lim shakliga 600 nafar kursantgacha, masofaviy ta’lim shakliga 300 nafar tinglovchigacha oshiriladi. Ularning 3/4 qismi Ichki ishlar vazirligi tizimi uchun jamoat xavfsizligini ta’minlash sohasidagi kadrlarni tayyorlashga ajratiladi.
Universitet tomonidan Ichki ishlar vazirligi tizimi uchun kadrlar tayyorlashda qabul kvotalari va mutaxassislik (yo‘nalish)lar taqsimoti ichki ishlar organlarining ehtiyojidan kelib chiqib, Prezident Administratsiyasi Jamoat xavfsizligi va qonun ustuvorligi bo‘yicha departamenti bilan kelishilgan holda belgilanadi.
Universitetda ichki ishlar organlari va Milliy gvardiyaning jamoat xavfsizligini ta’minlash yo‘nalishi uchun yurisprudensiya sohasida oliy ma’lumotga ega kadrlarni tayyorlash bakalavriatning kunduzgi ta’lim shaklida “Yurisprudensiya (“Huquqbuzarliklar profilaktikasi faoliyati”, “Jamoat tartibini saqlash faoliyati”, “Yo‘l harakati xavfsizligi faoliyati” va “Qo‘riqlash faoliyati”)” yo‘nalishlari, masofaviy ta’lim shaklida esa “Yurisprudensiya (“Jamoat xavfsizligini huquqiy ta’minlash”)” yo‘nalishi bo‘yicha; ichki ishlar organlari va Milliy gvardiyaning jamoat xavfsizligini ta’minlash sohasida kamida besh yillik amaliy xizmat stajiga ega xodimlari va harbiy xizmatchilari uchun magistraturada o‘qitish “Jamoat xavfsizligini ta’minlash faoliyatini tashkil etish” mutaxassisligi bo‘yicha amalga oshiriladi.
Qurolli Kuchlar va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar uchun mutaxassislarni tayyorlash kunduzgi ta’lim shaklida davlat granti asosida; masofaviy ta’lim shaklida Milliy gvardiya va ichki ishlar organlarining oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan harbiy xizmatchilari va xodimlari uchun davlat granti asosida, oliy ma’lumotga ega bo‘lgan hamda Qurolli Kuchlar va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlari harbiy xizmatchilari va xodimlari uchun to‘lov-kontrakt asosida; kadrlarni umumfuqaroviy asosda tayyorlash kunduzgi, kechki va masofaviy ta’lim shakllarida to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.
Universitetning dual ta’lim tizimida har bir kursant va tinglovchiga o‘qishni boshlashidan uni tamomlanguncha bir nafardan tajribali amaliyotchi-mutaxassisni mentor-tyutor sifatida biriktirish tartibi joriy etiladi.
Har yili oliy harbiy va harbiylashtirilgan ta’lim tashkilotlari kursantlari o‘rtasida “Huquqshunoslik” fan olimpiadasi tashkil etiladi hamda g‘olib bo‘lganlarga xalqaro olimpiadalarda ishtirok etish imkoniyati beriladi.
Universitet ta’lim jarayonining sifat ko‘rsatkichlari va kelgusidagi strategiyasi bitiruvchilarning 5 yil davomidagi kasbiy o‘sishi hamda xizmat samaradorligi monitoringi natijasi orqali belgilanadi.
N.Abduraimova,
O‘zA