Jamoat xavfsizligini ta’minlash bugungi kunning muhim vazifasi
Qashqadaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasida zamonaviy Tezkor boshqaruv markazi foydalanishga topshirildi. Markazning ishga tushirilishi hududda jamoat xavfsizligini ta’minlash, huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olish, favqulodda holatlarga tezkor munosabat bildirish hamda ichki ishlar organlari faoliyatini raqamli texnologiyalar asosida tashkil etish imkoniyatlarini kengaytiradi.
Markazning ochilish marosimida viloyat hokimi Murodjon Azimov, huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlari, ichki ishlar organlari mas’ullari hamda soha faxriylari ishtirok etdi.
Tadbir avvalida xizmat vazifasini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan ichki ishlar organlari xodimlarining xotirasi yod etildi. Viloyat hokimi va huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlari xotira burchagiga gulchambar qo‘yib, Vatan tinchligi, xalq osoyishtaligi va jamoat xavfsizligini ta’minlash yo‘lida jon fido qilgan xodimlarning jasoratiga hurmat bajo keltirdi.
Bugungi kunda jamoat xavfsizligini ta’minlash faqat sodir etilgan huquqbuzarlikka munosabat bildirish bilan cheklanmaydi. Huquqbuzarliklarni barvaqt aniqlash, xavf-xatarlarni oldindan baholash, hududlardagi vaziyatni doimiy kuzatib borish va mas’ul xizmatlar harakatini muvofiqlashtirish ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Ochilish marosimida so‘zga chiqqan viloyat hokimi Murodjon Azimov markazning hududda jamoat xavfsizligini ta’minlashdagi o‘rni, zamonaviy texnologiyalarning ichki ishlar organlari faoliyati samaradorligini oshirishdagi ahamiyatiga to‘xtaldi. Markazda yaratilgan imkoniyatlardan unumli foydalanish, aholi tinchligi va osoyishtaligini ta’minlashda tezkorlik hamda o‘zaro hamkorlikni kuchaytirish muhimligi qayd etildi.
[gallery-32149]
Tadbir doirasida viloyatning shahar va tuman ichki ishlar bo‘limlari boshliqlariga yangi xizmat avtomashinalarining kalitlari ham topshirildi. Ushbu texnikalar hududlarda xizmatni samarali tashkil etish, sodir bo‘layotgan hodisalarga o‘z vaqtida yetib borish, jamoat tartibini saqlash va fuqarolar xavfsizligini ta’minlashga ko‘maklashadi.
Markazning muhim yo‘nalishlaridan biri sun’iy intellekt texnologiyalari asosida ishlaydigan “Qalqon” axborot tizimidir. Viloyat hokimi va mas’ullar markazning Kuch va vositalarni boshqarish guruhi zalida bo‘lib, mazkur tizimning ishlash tamoyillari va amaliy imkoniyatlari bilan tanishdi.
Ma’lum qilinishicha, markazda belgilangan texnik talablar asosida server xonasi tashkil etilgan va 38 ta server qurilmasi ko‘chirib o‘rnatilgan. Shuningdek, viloyat hududida o‘rnatilgan 8 ming 412 ta intellektual videokuzatuv kamerasi yagona “Qalqon” tizimiga integratsiya qilingan.
Bu imkoniyat hududlardagi vaziyatni markazlashgan holda kuzatish, videokameralardan kelib tushayotgan ma’lumotlarni qayta ishlash, huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olish, sodir bo‘lgan hodisalarga tezkor munosabat bildirish jarayonlarini takomillashtirishga xizmat qiladi.
Markaz faoliyatida fuqarolar murojaatlarini qabul qilish va ular bo‘yicha tegishli xizmatlar harakatini tashkil etishga ham alohida e’tibor qaratilgan. Tashrif davomida 112 qisqa raqami orqali kelib tushayotgan murojaatlarni qabul qilish, qayta ishlash va tegishli xizmatlarga yo‘naltirish tizimi imkoniyatlari namoyish etildi.
Mazkur jarayonda xabarlarni o‘z vaqtida qabul qilish, murojaatlarni aniq qayd etish, yuzaga kelgan vaziyatni baholash va mas’ul xizmatlar faoliyatini muvofiqlashtirish mexanizmlari haqida ma’lumot berildi. Ayniqsa, hodisa sodir bo‘lgan joyga zarur kuch va vositalarni tezkor yo‘naltirish, yuzaga kelgan holatlarni qisqa muddatda bartaraf etish hamda murojaatlar natijadorligini ta’minlash imkoniyatlari ko‘rsatildi.
Tashrif ishtirokchilari markazda joylashgan Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasida yaratilgan sharoitlar bilan ham tanishdi. Bugun internet va raqamli xizmatlardan foydalanish ko‘lami ortib borayotgan bir sharoitda axborot xavfsizligini ta’minlash, internet orqali sodir etiladigan firibgarlik holatlarining oldini olish va kiberjinoyatlarni fosh etish dolzarb vazifalardan biri hisoblanadi.
Boshqarma mas’ullari tomonidan bu borada amalga oshirilayotgan ishlar, jinoyatlarni aniqlash va fosh etishda axborot texnologiyalaridan foydalanish, raqamli muhitda fuqarolar xavfsizligini ta’minlash choralari haqida ma’lumot berildi.
Tadbir davomida Qo‘riqlash xizmati tomonidan “Tashvish tugmasi” tizimining ishlash tartibi va imkoniyatlari ham namoyish etildi. Mas’ullar xavfli yoki favqulodda vaziyatlarda signal yuborish mexanizmi, kelib tushgan xabarlarni qabul qilish va ularga tezkor munosabat bildirish jarayonlari haqida tushuntirish berdi.
Tashrif doirasida markaz tarkibida faoliyat yurituvchi Huquqiy statistika bo‘limida yaratilgan sharoitlar ham ko‘zdan kechirildi. Bo‘lim faoliyati, ma’lumotlarni shakllantirish va tahlil qilish, axborotlarni tizimlashtirish, huquqbuzarlik va jinoyatchilikka oid ko‘rsatkichlar bilan ishlash jarayonlari haqida ma’lumot berildi.
Viloyat hokimi va mas’ullar bo‘limda yaratilgan sharoitlar bilan tanishib, faoliyatni samarali tashkil etish yuzasidan fikr va tavsiyalarini bildirdi.
Tadbir yakunida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida markaz hududida ramziy ko‘chat ekish marosimi o‘tkazildi. Viloyat hokimi, mas’ullar va ishtirokchilar ko‘chat ekib, hududni obodonlashtirish hamda atrof-muhitni asrashga hissa qo‘shdi.
Yangi Tezkor boshqaruv markazining ishga tushirilishi Qashqadaryo viloyatida jamoat xavfsizligini ta’minlash tizimini zamonaviy texnologiyalar asosida takomillashtirish yo‘lidagi muhim qadamdir.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari