Jamoat salomatligi – taraqqiyot mezoni
Mamlakatimizda aholi salomatligini muhofaza qilish, sanitariya-epidemiologik osoyishtalikni ta’minlash va global xavflarning oldini olish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar xalqaro hamjamiyat tomonidan ham e’tirof etilmoqda. Xususan, so‘nggi yillarda sohaga zamonaviy yondashuvlar, raqamli texnologiyalar va ilg‘or xalqaro tajribalarning keng joriy etilayotgani yurtimizda kuchli va barqaror jamoat salomatligi tizimini shakllantirishda muhim poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda.
Bugungi kunda O‘zbekistonning sanitariya-epidemiologiya xizmati va jamoat salomatligini mustahkamlash ishlariga ko‘plab nufuzli xorijiy hamkorlar va moliya institutlari faol jalb etilmoqda. Xususan, amalga oshirilgan sa’y-harakatlar natijasida sohaga Osiyo taraqqiyot banki va Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki ishtirokidagi loyihalar doirasida 200 mln. AQSH dollari, OITS, sil va bezgakka qarshi kurash bo‘yicha Global jamg‘arma tomonidan 32,7 mln. AQSH dollari, KOICA tomonidan 14,15 mln. AQSH dollari hamda GIZ tomonidan 10 mln. Yevro miqdorida investitsiyalar va grant mablag‘lari yo‘naltirilgan. Shuningdek, Jahon banki, CDC, xalqaro migratsiya tashkiloti, UNICEF, JSST va KOFIH kabi qator xalqaro tuzilmalar bilan hamkorlikda immunizatsiya, onalar va bolalar salomatligi, laboratoriya xizmatlarini kuchaytirish hamda xavfli kasalliklarning erta diagnostikasi bo‘yicha millionlab dollarlik qo‘shma loyihalar muvaffaqiyatli ro‘yobga chiqarilmoqda.
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasining yillik koordinatsiya yig‘ilishi hamda mamlakatimizda ushbu tizimni baholashning yakuniy natijalariga bag‘ishlangan xalqaro davra suhbatida ana shular haqida so‘z yuritildi. Jamoat salomatligi tizimini isloh qilish jarayonlari chuqur tahlil qilingan holda erishilgan yutuqlar ko‘zdan kechirildi. Xalqaro tashkilotlar bilan amalga oshirilayotgan qo‘shma loyihalar ko‘lamini kengaytirish hamda tizimni yanada takomillashtirishga qaratilgan strategik yo‘l xaritasi loyihasi tuzildi. Milliy va xorijiy mutaxassislarning takliflari asosida sohani rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari belgilandi. Amaliy yondashuvlar va yangi texnologik yechimlarga ham alohida e’tibor qaratildi. Xususan, poytaxtimizda oqova suvlar asosida epidemiologik nazoratni kengaytirish, ichimlik va oqova suvlar monitoringini integratsiyalashgan holda yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, sanitariya nazoratini to‘liq raqamlashtirish maqsadida ob’ektlarda «body-camera» va planshetlardan foydalanishni kengaytirish, milliy genetik laboratoriyani takomillashtirish hamda atmosfera havosi, suv va shovqin omillarining aholi salomatligiga ta’sirini raqamli platformalar orqali chuqur tahlil qilish kabi istiqbolli vazifalar belgilab olindi.
Jamoat salomatligi – taraqqiyot mezoni bo‘lib, faqatgina yuqumli kasalliklarning oldini olish bilan cheklanib qolmaydi. Atrof-muhit muvozanati, ekologik omillar va xavfsiz hayot tarzini doimiy kuzatib borishni ham talab etadi. Bu borada qilinayotgan ishlar, belgilangan ustuvor vazifalar yurtimizda aholi farovonligini ta’minlash, sog‘liqni saqlash tizimining barcha bo‘g‘inlarini zamonaviy talablar asosida rivojlantirish hamda xalqaro hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarishda juda muhim.
Mohigul Qosimova, O‘zA