Jahon sammitida Samarqand deklaratsiyasi qabul qilindi
Samarqandda o‘tkazilayotgan “Bolalar farovonligiga investitsiya: kelajak avlodlarning barqaror va adolatli taraqqiyoti sari yo‘l” butunjahon sammiti hamda bolalar onkologiyasi bo‘yicha II xalqaro kongressining yakuniy plenar sessiyasida “Bolalar farovonligiga investitsiya to‘g‘risidagi Samarqand deklaratsiyasi” muhokama qilindi.
YUNISEFning O‘zbekistondagi vakili Regina Mariya Kastilo ikki kun davomida Samarqandda BMT, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, Jahon banki va boshqa nufuzli xalqaro tashkilotlar, 100 dan ortiq davlatdan kelgan vazirlar, bolalar salomatligi va huquqlari bo‘yicha mutaxassislar, ekspertlar dunyo bolalarining buguni va kelajagi, farovonligi uchun dolzarb masalalarni muhokama qilganini ta’kidladi.

– Mazkur sammit orqali O‘zbekiston xalqaro tashkilotlar va dunyo mamlakatlari hukumatlari bilan bolalar kelajagi yo‘lida hamkorlik qilish, tajriba almashish uchun muhim platforma yaratdi. Shuningdek, bolalarga teng huquqli muhit va sharoit yaratish, ularning kelajagiga samarali investitsiyalar kiritish har qachongidan ham zarurligini ko‘rsata oldi, – dedi Regina Mariya Kastilo.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi, Prezident huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori Mansurbek Olloyorov sammit natijalarini sarhisob qilib, muhokama qilingan masalalar yuzasidan asosiy xulosalar bildirdi.
– Sammitning tantanali ochilish marosimi, yuqori darajali mehmonlar ishtirokidagi va boshqa panel sessiyalarda bolalarning sog‘lom o‘sishi, ta’lim olishi va huquqlari bilan bog‘liq muhim masalalar muhokama qilindi, – dedi M.Olloyorov. – Dunyo davlatlarining bu boradagi tajribalari ko‘rib chiqildi, kelgusi vazifalarga e’tibor qaratildi. YUNISEF, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, Jahon banki va boshqa tashkilotlar bilan bir qator hujjatlar imzolandi, grantlarni amalga oshirishga kelishildi. Bu yerda bildirilgan tashabbuslar, g‘oyalar, tuzilgan yo‘l xaritalari, memorandumlar bolalarning farovonligi, xavfsiz muhitda o‘sishi, ta’lim olishi va jamiyatda o‘z o‘rnini topishiga xizmat qiladi. Biz xorijlik do‘stlarimiz, hamkorlarimiz bilan ko‘p loyihalar haqida gaplashdik, o‘zaro tajriba almashdik. Jumladan, keyingi yillarda O‘zbekistonda bolalar haq-huquqlarining to‘la kafolatlanishi borasidagi ishlar, ularning maktabgacha ta’limdan oliy ta’limgacha qamrov ko‘rsatkichi oshganligi e’tirof etildi. Biz bu borada o‘z tajribalarimizni bo‘lishishga, boshqa davlatlarga yordam berishga, hamkorlik qilishga tayyormiz.
Muhokama davomida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibining bolalarga nisbatan zo‘ravonlik masalalari bo‘yicha maxsus vakili Najat Maalla Mjid xonim, Jahon bankining Markaziy Osiyo bo‘yicha direktori Naji Benxassin, YUNISEFning Yevropa va Markaziy Osiyo, Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika bo‘yicha mintaqaviy direktori Eduar Begbeder, Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining O‘zbekistondagi vakili va JSST mamlakat ofisi rahbari Ashina Xalakdina so‘zga chiqib, sammit va bolalar onkologiyasi bo‘yicha xalqaro kongress yuqori darajada o‘tganini qayd etib, bolalar farovonligi bo‘yicha o‘zaro tajriba almashish va kelgusi vazifalarni belgilashga imkoniyat yaratgani uchun O‘zbekiston rahbariyatiga minnatdorlik bildirdi. Bu yerda ko‘rib chiqilgan masalalar bo‘yicha bildirilgan takliflar, xulosalar “Bolalar farovonligiga investitsiya to‘g‘risidagi Samarqand deklaratsiyasi”da o‘z aksini topganini ta’kidladi.
– Biz Samarqand deklaratsiyasini olimlar, ulug‘ allomalar yurtida qabul qilmoqdamiz, buni unutmasligimiz kerak, – dedi Jahon bankining Markaziy Osiyo bo‘yicha direktori Naji Benxassin. – Men sammit tadbirlari davomida Samarqanddagi Imom Buxoriy yodgorlik majmuasini ziyorat qilish imkoniyatiga ega bo‘lganimdan juda xursandman. Islom olamining bu ulug‘ muhaddisi bolaligi haqida menga gapirib berishganida bir jihat e’tiborimni tortdi. Ya’ni, Imom Buxoriyning bolaligi nihoyatda og‘ir kechgan, hatto, ko‘zi ojiz bo‘lib qolgan ekan. U Qur’onni yod olayotganda ustozi unda noyob iste’dod borligini aytib, ruhlantirgan, uni qo‘llab-quvvatlagan ekan. Va u dunyo tan olgan muhaddisga aylandi. Demak biz har bir bolani e’tibordan chetda qoldirmasligimiz, undagi iqtidorni yuzaga chiqara olishimiz va qo‘llab-quvvatlashimiz kerak. Bu borada birgalikda harakat qilishimiz, kuchlarimizni birlashtirishimiz zarur. Ushbu sammitdan ko‘zlangan maqsad ham shu. Biz bunday tadbirlarni o‘tkazishda barcha davlatlarga yordam berishga tayyormiz.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyeva sammitning Samarqand deklaratsiyasi va uning asosiy yo‘nalishlari, g‘oyalari bilan tanishtirdi.
– Biz ikki kun davomida muhim masalalarni muhokama qildik, fikr va tajriba almashdik, yangi hamkorlik yo‘llarini belgilab oldik, – dedi Shahnoza Mirziyoyeva. – Eng muhimi, barchamiz ezgu maqsad – har bir bola uchun yaxshi kelajak yaratish yo‘lida birlashdik. Bu yo‘lda yana bir muhim qadam qo‘ydik – “Bolalar farovonligiga investitsiya to‘g‘risidagi Samarqand deklaratsiyasi”ni qabul qildik. Biz ishonamiz, har bir bola baxtli, sog‘lom, xavfsiz muhitda ulg‘ayishi, bilim olishi, orzu qilishi va o‘z orzulariga yetishi kerak. Chunki bolalarga sarmoya kiritish kelajakka sarmoya kiritishdir. Bolalar mehr va e’tiborni ertaga emas, bugun his qilishi shart. Biz birgalikda bolalarni ijtimoiy himoya qilish tizimini kuchaytiramiz, ularni zo‘ravonlikdan himoya qilamiz, har bir bolaning yaxshi ta’lim olishi uchun imkoniyat yaratamiz. Tibbiy xizmatdan barcha bolalar foydalanishi uchun sharoit yaratamiz, bolalar saratoniga qarshi birgalikda kurashamiz. Farzandlarimizni kelajakka har tomonlama tayyorlaymiz. Bu ezgu maqsadlarga erishish uchun barcha imkoniyatlarimizni birlashtiramiz. Bolalar bizdan va’da emas, natija kutadi. Sammit yakunlanmoqda, lekin bizning ezgu ishlarimiz davom etadi. Keling, har bir bola uchun munosib kelajak yarataylik.
Deklaratsiya ishtirokchilar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi va unda belgilangan qoidalar, majburiyatlar va vazifalarni amalga oshirishda hamjihatlikda harakat qilish, kuchlarni birlashtirishga kelishib olindi.
G‘olib Hasanov, O‘zA muxbiri