Jahon kurashchilari Issiqko‘lda mashg‘ulot o‘tkazadi
Xalqaro kurash assotsiatsiyasi va Osiyo kurash konfederatsiyasining yillik taqvim rejasiga muvofiq, joriy yil 27-iyul-10-avgust kunlari Qirg‘izistonning Issiqko‘l hududida “ISSYK-KUL 2026” xalqaro o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini bo‘lib o‘tadi.
Markaziy Osiyoning eng go‘zal va noyob hududlaridan biri hisoblangan Issiqko‘l o‘zining musaffo tog‘ havosi, ko‘l sohilidagi yumshoq iqlimi va yashil o‘rmonlari bilan sportchilarning jismoniy va funksional tayyorgarligi uchun qulay maskan sanaladi.
Dengiz sathidan yuqori hududda joylashgan ushbu tabiiy muhit sportchilarning yuqori sport formasiga chiqishida muhim ahamiyat kasb etadi.
2023-yildan buyon muntazam ravishda tashkil etib kelinayotgan mazkur xalqaro yig‘in qisqa vaqt ichida jahon kurash taqvimidagi eng nufuzli mashg‘ulot maydonlaridan biriga aylandi.
E’tiborlisi, avvalgi Issiqko‘l yig‘inlarida ishtirok etgan milliy jamoalarning qariyb 95 foiz a’zosi Osiyo o‘yinlari, Jahon chempionatlari va boshqa yirik xalqaro musobaqalarda sovrindorlar qatoridan joy olgan.
“ISSYK-KUL 2026” xalqaro yig‘ini joriy yilda Yaponiyada bo‘lib o‘tadigan XX yozgi Osiyo o‘yinlari, CISM World Military Kurash Challenge, VI Jahon ko‘chmanchilar o‘yinlari (Nomad Games), shuningdek kattalar o‘rtasidagi Jahon chempionati kabi nufuzli musobaqalar oldidan sportchilar uchun muhim tayyorgarlik bosqichlaridan biri bo‘lib xizmat qiladi.
Yig‘in doirasida yuqori darajadagi xalqaro bahslar, maxsus jismoniy tayyorgarlik mashg‘ulotlari, taktik-texnik yig‘inlar hamda turli mamlakatlar sportchilari o‘rtasida tajriba almashuv jarayonlari tashkil etiladi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA