Shu kunlarda Toshkent davlat transport universitetida Xalqaro kurash instituti, Sport vazirligi, Xalqaro kurash assotsiatsiyasi va O‘zbekiston kurash federatsiyasi hamkorligida tashkil etilgan uch oylik onlayn kursning yakuniy amaliy bosqichi o‘tkazilmoqda.
Kecha tadbirning tantanali ochilish marosimida ishtirok etgan IKA vitse-prezidenti, Osiyo kurash konfederatsiyasi rahbari Komil Ro‘ziyev, Xalqaro kurash assotsiatsiyasi bosh kotibi Muhammad Rizo Nassiri, Xalqaro kurash instituti rektori Habibulla Tojiyev, shuningdek professor-o‘qituvchilar, xorijiy ekspertlar hamda 15 ga yaqin mamlakatdan kelgan 30 nafardan ziyod kurs tinglovchilari nazariy va amaliy mashg‘ulotlarning ahamiyati, kurashning yangi davr sporti sifatida xalqaro maydonda ommalashishida malakali mutaxassislarning alohida o‘rni borligini ta’kidlashdi.


Xalqaro darajadagi murabbiy va hakamlarni tayyorlash hamda kurash bo‘yicha yagona standartlar asosida mutaxassislar bilimini oshirishga qaratilgan bir haftalik intensiv amaliy mashg‘ulotlar davomida ishtirokchilar kurash usullari, atamalar va mashg‘ulot metodikasi bo‘yicha tahsil olishadi.
Ta’lim jarayonida mutaxassislarga bilim va mahoratlarini amalda sinash, ularni yanada takomillashtirish imkoni taqdim etiladi.


T.Ro‘ziyev, O‘zA