Jahon chempionatida “Tokio shamoli” esyaptimi?
Belgradda boks bo‘yicha o‘tayotgan jahon chempionati kutilgan va kutilmagan natijalari bilan barchani hayratga solmoqda.
Ayni shu sababli ham hozirdan uning keyingi “oqimi” xususida biror nima deyish qiyin.
O‘tgan janglar boasidagi ayrim fikrlarni keltirib o‘tish lozim. Demak, jahon chempionatining o‘zbekistonliklar uchun o‘ta muhim bo‘lgan “ostona xatlash jangi”da Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev “O‘zbek yo‘lbarslari” uchun Belgrad ringining g‘oliblik eshiklarini ochib berdi. U 67 kilogramm vaznda irlandiyalik Brendan Makkivini 5:0 hisobida mag‘lub etib, keyingi bosqichga yo‘l olganida go‘yoki hammasi risoladagidek ko‘ringandi.
Huddi shuningdek, tanzaniyalik raqibining ringga chiqmaganligi sababli Odiljon Aslonovning to‘g‘ridan-to‘g‘ri keyingi bosqichga yo‘l olishi ham, 75 kilogramm vaznda Saidjamshid Jafarovning slovakiyalik L.Fernezani yengganida ham “Tokio ssenariysi” ko‘nglimizdan o‘tmagandi.
Lekin mutaxassislar fikriga ko‘ra, jahon chempionatining final jangiga tenglashtirilgan Do‘smatov-Bobosinov “dueli” va hakamlarning birinchi va ikkinchi raundlardagi noprofessional baholashi, Xasanboyning asabiylashishi ortidan qozog‘istonlik Tokio olimpiadasi sovrindorining qo‘li baland ko‘tarilishi “ringda hamma narsa bo‘lishi mumkin”ligini yana bir bor yodimizga solib qo‘ydi.
Buni 86 kilogramm vaznli Shohjahon Abdullayev qaysidir ma’noda salbiy jihatdan mustahkamladi. U yutub turib yutqazish qoidasiga ko‘ra, birinchi va ikkinchi raundlardagi yaqqol ustun bo‘la turib, 2 raundning so‘nggi soniyasida belgiyalik Viktor Shelstreyning kuchli zarbasini o‘tkazib yuborib, nokautga uchrashi orqali ko‘rsatib berdi.
Shu o‘rinda aytish lozimki, jahon chempionatining finaliga teng Bobosinov-Do‘smatov bahsining natijalari bo‘yicha qabul qilingan hakamlar qarori, mustaqil ekspertlar xulosasi qay darajada yakun topishidan qat’iy nazar, uning atrofidagi gap-so‘zlar, muhokamalar hali uzoq davom etishi tayin. Zero, Rio-2016 qahramoni va Tokio-2020 kashfiyoti sifatida tan olingan Do‘smatov va Bobosinov Serbiya bahslarisiz ham jahon boks olamining yorqin yulduzlari bo‘lib qolaveradi. Belgrad ringlari esa ikki navqiron boks gigantlarini majburiy holatda to‘qnashtirdi, xolos.
Jahon chempionati bahslari endi-endi avj pardaga ko‘tarilay, deb turibdi. Ilk yo‘qotishlar va g‘alabalar shamolini boshdan kechirayotgan terma jamoamiz a’zolari keyingi musobaqalarga hozirlik ko‘rmoqda.
Bugun, 28 oktyabr kuni uch nafar bokschimiz chempionat bahslarini o‘tkazadi. 67 kilogramm vaznda chempionatni muvaffaqiyatli boshlagan Mo‘ydinxo‘jayev falastinlik Axmed Xarara bilan ro‘baro‘ kelsa, 57 kilogrammda Mirazizbek Mirzaxalilov AQSH bokschisi Jamal Xerli bilan, +92 kilogramm og‘irlikdagi vakilimiz Lazizbek Mullajonov eronlik Puria Amiri bilan chempionatning birinchi uchrashuvini o‘tkazib, keyingi bosqich masalasini hal qiladi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA