“Jahon chempionati – 2026”: “B” guruhida ham bizni kuchli raqobat kutmoqda
Futbol muxlislari intiqlik bilan kutayotgan futbol bo‘yicha joriy yilgi Jahon chempionati boshlanishiga ham 22 kun qoldi. AQSH, Kanada va Meksika mezbonligida o‘tadigan mundial arafasida jamoalarning mazkur bosqichgacha bosib o‘tgan yo‘li haqida ma’lumot berib o‘tyapmiz.
Oldingi maqolalarda “A” va “K” guruhlaridan o‘rin olgan terma jamoalar haqida to‘xtalgan edik. Bugun “B” guruhi ishtirokchilari — Kanada, Shveysariya, Qatar hamda Bosniya va Gersegovina terma jamoalari haqida gaplashamiz. Ular saralash bosqichida qanday natijalar qayd etdi, qaysi muhim o‘yinlar orqali mundial yo‘llanmasini ta’minladi — shu haqda batafsil.
Dastlab musobaqa mezbonlaridan biri — Kanada terma jamoasi haqida qisqacha to‘xtalamiz. Jamoa mundialga mezbon sifatida to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanma olgani bois, dunyo bo‘ylab o‘tgan saralash bahslari davomida turli qit’a vakillariga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvlarini o‘tkazdi. Shuningdek, musobaqa arafasida Kanada terma jamoasi O‘zbekiston va Irlandiya termalariga qarshi nazorat o‘yinlarida maydonga tushishi rejalashtirilgan.

Guruhning yana bir kuchli jamoalaridan biri — Shveysariya Yevropa qit’asidagi saralash bahslarining “B” guruhida 14 ochko jamg‘arib, birinchi o‘rin bilan Jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
Saralashning “H” guruhida ishtirok etgan Bosniya va Gersegovina terma jamoasi esa 17 ochko bilan ikkinchi pog‘onani egalladi va Yevropa pley-off bosqichiga yo‘l oldi. Pley-off yarim finalida jamoa Uels bilan asosiy vaqtda 1:1 hisobida durang o‘ynadi. Penaltilar seriyasida esa bosniyaliklar 4:2 hisobida ustun kelib, finalga chiqdi.
Hal qiluvchi bahsda Italiya terma jamoasiga qarshi kechgan uchrashuvning asosiy vaqti ham 1:1 hisobida yakunlandi. Penaltilar seriyasida esa Bosniya va Gersegovina 4:1 hisobida g‘alaba qozonib, mundial yo‘llanmasini rasman ta’minladi.

Osiyo qit’asi vakili sifatida qatnashadigan Qatar terma jamoasi Jahon chempionati sari kurashni saralashning ikkinchi bosqichidan boshladi. Qatarlik futbolchilar ikkinchi bosqichning “A” guruhida 16 ochko to‘plab, birinchi o‘rinni egalladi. Uchinchi bosqichda esa jamoa 13 ochko jamg‘arib, o‘z guruhida to‘rtinchi o‘rin bilan keyingi bosqichga chiqdi.
Shundan so‘ng Qatar qit’aning yana olti terma jamoasi bilan mundial yo‘llanmasi uchun bahs olib bordi. Yakuniy saralash bosqichida “A” guruhida 4 ochko bilan peshqadam bo‘lgan qatarliklar “JCH-2026” final bosqichi yo‘llanmasini qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘ldi.
Ha, bu jamoalar, to‘rt yillikning eng nufuzli musobaqasi tomon turli yo‘llar bilan yetib keldi. Fikrimizcha, mundialning ushbu guruhida ham bizni bir-biridan qiziqarli bahslar kutmoqda.

Darvoqe, “B” guruhidan o‘rin olgan jamoalar ishtirokidagi uchrashuvlar 12-24-iyun kunlari bo‘lib o‘tadi:
12-iyun: Kanada — Bosniya va Gersegovina
Stadion: BMO Field;
13-iyun: Qatar — Shveysariya
Stadion: Levi's Stadium;
18-iyun: Shveysariya — Bosniya va Gersegovina
Stadion: SoFi Stadium;
Kanada — Qatar
Stadion: BC Place;
24-iyun Shveysariya — Kanada
Stadion: BC Place;
Bosniya va Gersegovina — Qatar
Stadion: keyinroq ma’lum qilinadi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA