“Jahon chempionati – 2026”: “H” guruhida to‘rt qit’a vakillari to‘qnashadi
Futbol muxlislari intiqlik bilan kutayotgan Jahon chempionati boshlanishiga ham 10 kun qolmoqda. AQSH, Kanada va Meksika mezbonligida o‘tadigan nufuzli turnir arafasida dunyoning 48 ta terma jamoasi qanday qilib final bosqichi yo‘llanmasini qo‘lga kiritganini yodga olyapmiz.
Shu kunga qadar 8 ta guruhdan o‘rin olgan terma jamoalarning Jahon chempionatiga chiqishi tarixi haqida to‘xtalgan edik. Bugun esa e’tiborimiz “H” guruhi ishtirokchilari — Ispaniya, Kabo-Verde, Saudiya Arabistoni, Urugvay terma jamoalariga qaratildi.

“H” guruhining favoritlaridan biri hisoblangan Ispaniya terma jamoasi Yevropa saralash bosqichida “E” guruhida ishtirok etib, 6 o‘yinda 5 g‘alaba va 1 durang qayd etgan holda mundialga yo‘l oldi. Ushbu jamoa Jahon chempionatlarida 17-marta ishtirok etadi. Tarixiy jihatdan esa Ispaniya terma jamoasi faqatgina 2010-yilda mundial g‘olibiga aylangan. Shuningdek, jamoa 1978-yildan beri o‘tgan barcha Jahon chempionatlarida muntazam ishtirok etmoqda.
Urugvay ushbu guruhning yana bir kuchli terma jamoasi sifatida e’tirof etilmoqda. Bu jamoa Janubiy Amerika mintaqasidagi eng kuchli 10 ta jamoa ishtirok etgan saralashda 28 ochko to‘plab, 4-o‘rinni egalladi va to‘g‘ridan-to‘g‘ri Jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Bu guruhda raqobat o‘ta keskin kechdi: Argentina 38 ochko bilan birinchi, Ekvador esa 29 ochko bilan ikkinchi o‘rinni egalladi. Shuningdek, Kolumbiya, Urugvay va Braziliya hamda Paragvay bilan bir xil — 28 ochkodan to‘plab, keyingi o‘rinlarni egalladi. Bu esa saralash bosqichining naqadar murakkab va raqobatbardosh bo‘lganini yaqqol ko‘rsatadi.

Urugvay terma jamoasi bu safar 14-marotaba mundialda ishtirok etadi. Darvoqe, bu jamoa hisobida dunyo birinchiligining ikkita oltin medali mavjud.

Kabo-Verde terma jamoasi Afrika qit’asidagi saralash bosqichining “D” guruhida 10 ta o‘yin o‘tkazib, 7 g‘alaba, 2 durang va 1 mag‘lubiyat bilan 23 ochko to‘pladi hamda mundial yo‘llanmasini o‘z tarixida ilk marotaba qo‘lga kiritdi.

Saudiya Arabistoni terma jamoasi esa Osiyo mintaqaviy saralash bosqichining ikkinchi bosqichida “G” guruhida 13 ochko to‘plab, uchinchi raundga yo‘l oldi. U yerda esa hal qiluvchi bahslarda unchalik muvaffaqiyatli ishtirok eta olmadi va “S” guruhda 13 ochko bilan 3-o‘rinda qoldi va mundial uchun kurashni to‘rtinchi bosqichda davom ettiradigan bo‘ldi. Unda saudiyalik futbolchilar Iroq va Indoneziya termalari bilan raqobatlashib, 4 ochko jamg‘argan holda “JCH-2026” ishtirokchisiga aylandi. Saudiya Arabistoni terma jamoasi uchun bu galgi chempionat oltinchisi hisoblanadi. Bu jamoa 2034-yilgi mundial mezboni sifatida e’tirof etilgan.
Mazkur guruh uchrashuvlari 15–26-iyun kunlari o‘tkaziladi:
15-iyun:
Ispaniya — Kabo-Verde (Mercedes-Benz Stadium, Atlanta)
Saudiya Arabistoni — Urugvay (Hard Rock Stadium, Mayami-Gardens)
21-iyun:
Ispaniya — Saudiya Arabistoni (Mercedes-Benz Stadium, Atlanta)
Urugvay — Kabo-Verde (Hard Rock Stadium, Mayami-Gardens)
26-iyun:
Kabo-Verde — Saudiya Arabistoni (NRG Stadium, Xyuston)
Urugvay — Ispaniya (Akron Stadium, Sapopan)
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA