Poytaxtimizda davom etayotgan Xalqaro hamkorlik tashabbuslari haftaligi doirasidaO‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan “Global hamkorlik orqali barqaror iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish: inson kapitali va tadbirkorlik imkoniyatini kengaytirishda innovatsiyaning roli” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda iqtisodiy-ijtimoiy va moliya sohasidagi dunyoning yetakchi ekspert va mutaxassislari, xususan Jahon bankining Markaziy Osiyo mintaqasida inson kapitalini rivojlantirish masalasi bo‘yicha global amaliyot rahbari Tazin Fosih, JB katta iqtisodchisi Pinar Yashar, Turkiyaning Kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish tashkiloti rahbari Ahmet Serdar Ibrohimchi o‘g‘li, Avstriya Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot agentligi prezidenti maslahatchisi Rudolf Lukavfskiy, Germaniyaning Xanns-Zaydel jamg‘armasi Markaziy Osiyo bo‘yicha vakolatxonasi rahbari, doktor Maks Georg Mayer ishtirok etdi.
Anjumanning maqsadi hukumat oldiga qo‘yilgan yangi maqsad va vazifalar, mavjud global muammolarni bartaraf etish choralari bo‘yicha xalqaro moliya institutlari tavsiyalari, shuningdek xalqaro tajriba va eng yaxshi amaliyotlar yuzasidan fikr almashish uchun muloqot platformasini yaratishdir.
Suhbatda xalqaro ekspertlar bilan O‘zbekistonning barqaror iqtisodiy o‘sishini ta’minlashdagi so‘nggi yutuqlari tajribasi va keyingi qadamlar, inson kapitalini rivojlantirish va kambag‘allikni qisqartirish yo‘lidagi islohot, jumladan yoshlar salohiyatini oshirish va yangi ish o‘rinlari yaratishga ko‘maklashish bo‘yicha amalga oshirilgan keng ko‘lamli ishlar muhokama qilindi.
Xorijiy delegatsiyalar vakillari tomonidan mamlakatimizdagi barqaror va yuqori iqtisodiy o‘sish kambag‘allik darajasini 2019 yildagi 23 foizdan 2023 yilda 11 foizgacha kamaytirish imkonini bergani e’tirof etildi. Jahon banki hisobotida O‘zbekiston Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida kambag‘allikni qisqartirishda eng yaxshi natija ko‘rsatgani ta’kidlandi.
Milliy ekspertlar taqdimotida qayd etilishicha, ushbu natijalar bilan cheklanib qolmasdan, respublikada 2025 yil oxiriga qadar kambag‘allik darajasini 6 foizgacha qisqartirishni aniq maqsad qilib qo‘yilgan.
Ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalariga investitsiya kiritish yosh va o‘sib borayotgan aholisi ko‘p mamlakatda barqaror rivojlanishga erishishning asosiy yo‘llaridan biridir. Shu nuqtai nazardan O‘zbekiston yoshlar siyosati sohasida keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirmoqda.
– Fuqarolarni munosib ish bilan ta’minlash va ularning yashash sharoitini yaxshilash O‘zbekistondagi islohotlarning asosiy maqsadlaridan biri hisoblanadi, – deydi Pinar Yashar. – Aniq natijalardan biri sifatida ishsizlik darajasi 2023 yil 7 foizdan kamayganini keltirish mumkin. So‘nggi 4 yil ichida kasb-hunar ta’limini egallaganlar 3 barobar ko‘payganini yuqori baholaymiz.
Anjumanda o‘zbek modeli asosidagi tizimli chora-tadbirlar orqali kichik va o‘rta biznesni yangi bosqichga olib chiqish, jarayonni raqamlashtirishni davom ettirish, yoshlar va ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash, yangi loyihalar orqali sohani rivojlantirish bo‘yicha xalqaro moliya tashkilotlari bilan hamkorlikni kengaytirish yuzasidan ham fikr almashildi.
Innovatsiya orqali samaradorlikni oshirish, jumladan ilmiy-tadqiqot va IT-startaplarni targ‘ib qilish, yangi texnologiya joriy etish hisobiga yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulot ishlab chiqarish, O‘zbekistonning axborot texnologiyalari va startaplar sohasidagi yutuqlari, shuningdek kelgusidagi hamkorlik yo‘nalishlari yuzasidan so‘z yuritildi.
Davra suhbati davomida shaharlarni rivojlantirish va master-rejalarni ishlab chiqishga innovatsion yondashuv, xususan O‘zbekistonda shaharlarni rivojlantirish strategiyasi, erishilgan natija, istiqbolli yo‘nalishlar bo‘yicha muhokamalar o‘tkazildi.
Behruz Xudoyberdiyev, O‘zA