Jahon banki hisoboti: O‘zbekistonda kambag‘allik darajasi 5,8 foizgacha kamaygan
Jahon bankining O‘zbekistonda kambag‘allik va tenglikni baholash bo‘yicha hisobotiga ko‘ra, mamlakatda kambag‘allik darajasi 2021-yildagi 17,0 foizdan 2025-yilda 5,8 foizgacha kamaygan. Shu davrda 3,7 million kishi kambag‘allikdan chiqqan.
O‘zbekistondagi kambag‘allikning qisqarishi Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasidagi umumiy natijaning qariyb 40 foizini tashkil etgan. Qishloq joylarda kambag‘allik shaharlarga nisbatan tezroq pasayib, qishloq va shahar aholisi o‘rtasidagi farq sezilarli darajada qisqargan.
Mamlakatda aholining iqtisodiy imkoniyatlari ham kengaygan. 2021-yilda 37 foizni tashkil etgan o‘rta qatlam ulushi 2025-yilga kelib 72 foizdan oshgan. 2019-2024-yillarda aholining 44 foizi yuqoriroq iqtisodiy toifaga ko‘tarilgan.
Bandlik ko‘rsatkichlarida ham ijobiy o‘zgarish kuzatilgan. Eng kam ta’minlangan xo‘jaliklarda erkaklarning maoshli ishdagi ulushi 2022-2025-yillarda 18 foizdan 46 foizga yetgan. Kam daromadli xodimlarning real ish haqi esa yiliga o‘rtacha 11-12 foizga o‘sgan. Bandlikning kengayishi va ish haqi oshishi kambag‘allik darajasining 9 foiz punktga pasayishiga, ijtimoiy sug‘urta tizimi esa yana 2,0 foiz punktlik qisqarishga hissa qo‘shgan.
Shu bilan birga, mehnat bozorida imkoniyatlar tengligi masalasi dolzarbligicha qolmoqda. Xususan, bir xil malaka darajasiga ega bo‘lgan ayollarning daromadi erkaklarnikidan 35-40 foizga past.
O‘zbekiston 2030-yilga qadar yuqori o‘rta daromadli mamlakatlar qatoriga kirishni maqsad qilgan. Jahon banki hisobotida bu maqsadga erishish uchun sifatli ta’lim va mehnat bozori talab qilayotgan ko‘nikmalarni rivojlantirish, bolalarni parvarishlash xizmatlarini kengaytirish, hududlar va mahallalar o‘rtasidagi bog‘liqlik hamda davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini yaxshilash, shuningdek, manzilli ijtimoiy himoyani kuchaytirish zarurligi qayd etilgan.
Bugun Toshkentda Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda Jahon banki hamkorligida tashkil etilgan forumda mazkur natijalar taqdim etildi.
Tadbirda soha mas’ullari, mutaxassislar, xalqaro ekspertlar va hamkor tashkilotlar vakillari ishtirok etdi. Unda Jahon bankining O‘zbekistonda kambag‘allik va tenglikni baholash: Farovonlikka erishish va barcha uchun imkoniyatlarni kengaytirish sari” yangi hisoboti taqdimot qilindi.
Tadbirda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining birinchi o‘rinbosari Marat Jo‘rayev hamda boshqalar mamlakatda aholi daromadlarini oshirish, ish bilan ta’minlash va ijtimoiy himoya mexanizmlarini takomillashtirish borasida olib borilayotgan ishlar natijalari haqida ma’lumot berdi.
Shuningdek, forumda kambag‘allikni yanada qisqartirish, munosib ish o‘rinlarini ko‘paytirish, xotin-qizlarning iqtisodiy faolligini oshirish hamda hududlar o‘rtasidagi tafovutlarni kamaytirish masalalari muhokama qilindi.
–Hisobot natijalari so‘nggi yillarda bandlik va ijtimoiy himoya sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar mamlakatimizning har bir mintaqasidagi oilalar uchun real natija berayotganini yana bir bor tasdiqlaydi. Vazirlik munosib ish o‘rinlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, aholi daromadlarini oshirish va ijtimoiy himoya tizimini mustahkamlash borasidagi ishlarini davom ettiradi, toki kambag‘allikni qisqartirishdagi erishilgan natijalar barqaror bo‘lib, mamlakatning barcha hududlarini qamrab olsin, –dedi Marat Jo‘rayev.
[gallery-31566]
Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha mintaqaviy amaliyot direktori Abebe Adugna iqtisodiy o‘sish ish o‘rinlari yaratilishi va uy xo‘jaliklari daromadlarining oshishi bilan uyg‘unlashganda aholi farovonligiga ta’sir ko‘rsatishini ta’kidladi.
–Ushbu salmoqli natijalar iqtisodiy o‘sish ish o‘rinlari yaratilishi va uy xo‘jaliklari daromadlarining oshishiga olib kelganda nimalarga erishish mumkinligini ko‘rsatadi. Keyingi vazifa esa O‘zbekistondagi barcha odamlar, qayerda yashashidan, jinsidan yoki ijtimoiy kelib chiqishidan qat’i nazar, xavfsiz va farovon hayot qurish uchun zarur bo‘lgan ko‘nikmalar, xizmatlar va imkoniyatlardan foydalana olishini ta’minlashdan iborat, – dedi u.
Hisobotda yuqori daromadli ish o‘rinlaridan foydalanish imkoniyatlari hududlar kesimida bir xil emasligi, bunday imkoniyatlar asosan Toshkent va ayrim yirik shaharlarda jamlangani qayd etilgan. Shuningdek, xotin-qizlarning mehnat bozoridagi ishtiroki va iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish muhim vazifalardan biri sifatida ko‘rsatilgan.
Jahon bankining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Naji Benxasinning ta’kidlashicha, kambag‘allikni qisqartirish bilan bir qatorda barqaror iqtisodiy imkoniyatlarni yaratish va o‘rta qatlamni mustahkamlashga e’tibor qaratish zarur.
–O‘zbekiston kambag‘allikni qisqartirish bilan cheklanib qolmasdan, barqaror iqtisodiy imkoniyatlar yaratish va o‘rta qatlamni mustahkamlash sari harakatlanmoqda. Erishilgan natijaning barqarorligini ta’minlash va uni mamlakatning har bir viloyati, tumani hamda mahallasiga tarqatish uchun inson kapitaliga sarmoya kiritish, mehnat bozoriga borgan sari yuqori malaka bilan kirayotgan yoshlar uchun ish o‘rinlari yaratish, ayollarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish, hududlar o‘rtasidagi bog‘liqlikni oshirish va samarali ijtimoiy himoya tizimi hal qiluvchi ahamiyatga ega, – dedi u.
Forum yakunida kambag‘allikni qisqartirishda erishilgan natijalarni barqaror saqlash, aholi uchun munosib va yuqori daromadli ish o‘rinlarini ko‘paytirish, xotin-qizlarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish hamda inson kapitaliga investitsiyalarni oshirish ustuvor vazifalar sifatida qayd etildi. Shuningdek, hududlar o‘rtasidagi iqtisodiy tafovutlarni kamaytirish va ijtimoiy himoya mexanizmlarini yanada takomillashtirish muhim yo‘nalishlar sifatida belgilandi.
Eslatib o‘tamiz, forumning ikkinchi qismi 24-sentabr kuni Xorazm viloyatining Xiva shahrida davom etadi. Unda hududda kambag‘allikni qisqartirish va aholi bandligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishish, shuningdek, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tizimidagi tegishli ob’ektlarga ommaviy axborot vositalari vakillari uchun press-tur tashkil etish rejalashtirilgan.
Nasiba Ziyodullayeva,
Asliddin Alijonov (surat), O‘zA