O‘zbekiston davlat xaridlari tizimi xalqaro standartlar asosida takomillashtiriladi
Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot dasturi (UNDP)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda davlat xaridlari tizimini yanada takomillashtirish, sohada xalqaro tajribani keng joriy etish hamda o‘zaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv avvalida tomonlar o‘zaro tanishuv o‘tkazib, hozirgi kunda amalga oshirilayotgan hamkorlik yo‘nalishlari, erishilgan natijalar hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan fikr almashdi.
Muzokaralar davomida davlat xaridlari tizimini institutsional jihatdan rivojlantirish, sohada sertifikatlash tizimini takomillashtirish, mutaxassislarning kasbiy salohiyati va malakasini oshirish, shuningdek, xalqaro ilg‘or tajribalarni amaliyotga tatbiq etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shu bilan birga, davlat xaridlari sohasida shaffoflik va samaradorlikni oshirishga qaratilgan zamonaviy yondashuvlarni joriy etish, institutsional imkoniyatlarni mustahkamlash hamda o‘zaro manfaatli qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari atroflicha muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida tomonlar mazkur yo‘nalishlarda hamkorlikni izchil davom ettirish, qo‘shma dastur va loyihalarni ishlab chiqish, ularni amalga oshirish bo‘yicha aniq amaliy chora-tadbirlarni belgilash yuzasidan o‘zaro kelishuvga erishdi.
Ta’kidlash joizki, BMT Taraqqiyot dasturi bilan hamkorlik davlat xaridlari tizimida xalqaro standartlarni joriy etish, ochiqlik va hisobdorlikni kuchaytirish, sohaning institutsional salohiyatini oshirish hamda zamonaviy boshqaruv mexanizmlarini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Sh.Mamaturopova, O‘zA