“Jadidlar izidan” Respublika tanlovida ishtirok etish uchun 365 mingga yaqin ariza kelib tushgan
AOKAda “Jadidlar izidan” Respublika tanlovini tashkil etish va o‘tkazish jarayonlariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Unda maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari Farhod Boqiyev, vazirlik mas’ul xodimlari, Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyi, Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi, Yoshlar ishlari agentligi “Mutolaa” loyihasi vakillari ishtirok etdi.
Ta’kidlanishicha, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan joriy yilning oktyabr-dekabr oylarida o‘quvchilarning mustaqil fikrlash ko‘nikmalarini yanada shakllantirish, ajdodlarimizning boy ma’naviy merosini keng targ‘ib qilish orqali ularni kitobxonlikka jalb etish maqsadida “Jadidlar izidan” Respublika tanlovi tashkil etilmoqda.
Ilk bor o‘tkazilayotgan mazkur tanlovda ishtirokchi o‘quvchilar “jadidlarizidan.uz” platformasi orqali onlayn ro‘yxatdan o‘tish orqali ishtirok etmoqda. Hozirga qadar tanlovda ishtirok etish uchun 364 ming 906 ta ariza kelib tushgan.
Tanlovni samarali tashkil etish hamda o‘quvchilar ongida milliy g‘ururni shakllantirish maqsadida 10 ming 118 ta umumta’lim maktabida “Jadidlar izidan” klublarini tashkil etish rejalashtirilgan. Ayni vaqtda tajriba-sinov tariqasida dastlab 208 ta tuman (shaharda) 1 tadan ushbu klublar tashkil etildi. Tanlov 6-8-sinf hamda 9-10-sinf o‘quvchilari o‘rtasida tashkil etilib, tuman (shahar) bosqichi shu yilning 31 oktyabr kuni barcha hududlarda bir vaqtda o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Ishtirokchilar mazkur bosqichda 2 ta shart (test va savol-javob) asosida bellashadi.
Har ikki yo‘nalish bo‘yicha tuman (shahar) bosqichlarida g‘olib deb topilgan 416 nafar o‘quvchi tanlovning hududiy bosqichida ishtirok etadi. Tanlovning hududiy bosqichi joriy yil 12-23 noyabr kunlari, respublika bosqichi dekabr oyida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA