"Jadidlar izidan" tanlovi yoshlarda milliy qadriyatlarni mustahkamladi
Uchtepa tumanida o‘tgan "Jadidlar izidan" tanlovi yoshlarning ma’naviy merosga qiziqishini oshirdi.
Uchtepa tumanida yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish va kitobxonlikka qiziqishini yanada oshirishga qaratilgan “Jadidlar izidan” ko‘rik-tanlovi yakunlandi. Bu kabi tanlovlar “Kelajak” markazlari tomonidan muntazam o‘tkazib kelinmoqda. Mazkur tadbir yosh avlodning tarixiy bilimlarini mustahkamlash, milliy qadriyatlar va jadid bobolarimizning boy ma’naviy merosini keng targ‘ib etishga qaratilgan.

Unda tumandagi 6-10-sinf o‘quvchilari ishtirok etdi. 6-8-sinflar toifasida 283-maktabning 7-sinf o‘quvchisi Muzaffar Jovliyev birinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, 9-10-sinflar o‘rtasidagi bellashuvda 229-maktabning 10-sinf o‘quvchisi Diyora Narzullayeva g‘olib bo‘ldi.
Tanlov Yoshlar ishlari agentligi va Uchtepa tumani hokimligi hamkorligida o‘tkazildi. U yigit-qizlarning jadidchilik harakati vakillarining hayoti hamda faoliyatiga qiziqishini oshirib, ularning ilm-ma’rifat, milliy uyg‘onish va taraqqiyot yo‘lidagi xizmatlarini chuqur o‘rganishga zamin yaratadi.
Sanjar Toshpo‘latov,
O‘zA