IT Park rezidentlari bilan ochiq muloqot
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Innovatsion rivojlanish va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi tomonidan Samarqand viloyatda faoliyat yuritayotgan IT Park rezidentlari bilan ochiq muloqot o‘tkazildi.
Muloqot avvalida mamlakatimizda Prezidentimiz rahbarligida raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, yuqori texnologiyalarga asoslangan iqtisodiy modelni shakllantirish, IT-tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va milliy IT-xizmatlarni tashqi bozorlarga olib chiqish borasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlarga urg‘u qaratildi. Davlatimiz rahbarining mustaqilligimizning 35 yilligi munosabati bilan belgilab berilgan kelgusi o‘n yillikka mo‘ljallangan ustuvor vazifalar, jumladan, iqtisodiyotni yuqori texnologiyalar va mehnat unumdorligiga asoslangan yangi modelga o‘tkazishga qaratilgan maqsadlar raqamli texnologiyalar sohasidagi islohotlar bilan uzviy bog‘liq ekani ta’kidlandi.
Ochiq muloqotda “Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy Qonuni bilan raqamli texnologiyalar, innovatsiyalar va startaplar uchun xalqaro talablarga mos maxsus huquqiy muhit yaratilayotgani, investitsiyalarni jalb qilish, IT-xizmatlar eksportini kengaytirish, mehnat munosabatlari, soliq va bojxona, ma’lumotlarni himoya qilish hamda intellektual mulk sohalarida yangi huquqiy mexanizmlar joriy etilayotgani aytib o‘tildi.
Tadbirda qayd etilganidek, Samarqand viloyatida IT Park rezidentlari soni 2025-yilning III choragidagi 169 tadan 2026-yil 10-sentabr holatiga 228 taga yetdi. Rezidentlar tomonidan ko‘rsatilgan xizmatlar hajmi 333,7 mlrd so‘mni tashkil etib, bir yilda 2,1 barobarga, eksport xizmatlari esa 19,4 mln dollarga yetib, 2,8 barobarga oshgan.
Tadbir davomida IT Park rezidentlari qonun normalarining amaliyotda qo‘llanilishi, mavjud imtiyoz va imkoniyatlardan foydalanish, investitsiya, eksport, soliq, mehnat munosabatlari va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha qator savollar bilan murojaat qildi va tegishli javoblar berildi.
M.Komilova, O‘zA