Istiqbolli loyihalar muhokama qilindi
“Navoiyuran” davlat korxonasida Geologiya fanlari universiteti bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan istiqbolli loyihalar muhokamasiga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda korxona bosh direktori Djamal Fayzullayev hamda Geologiya fanlari universiteti rektori A’zam Kadirxodjayev ishtirok etdi.
Ta’kidlanganidek, bugungi kunda geologiya sohasida raqamli texnologiyalardan samarali foydalanish, geologik ma’lumotlarni yagona tizimga birlashtirish va sun’iy intellekt imkoniyatlarini ishlab chiqarish jarayonlariga tatbiq etish konlarni o‘rganish hamda mavjud resurslardan samarali foydalanishning muhim omillaridan biriga aylanmoqda.

Uchrashuv davomida universitet mutaxassislari tomonidan geologiya sohasini raqamlashtirish, sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish va geologik ma’lumotlarni zamonaviy raqamli platformalar asosida boshqarishga qaratilgan taqdimotlar namoyish etildi.
Taqdimotlarda uran konlari va geologik ma’lumotlarni raqamlashtirish, mavjud ma’lumotlar bazasi asosida konlarning uch o‘lchamli (3D) modellarini yaratish, sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalangan holda geologik jarayonlarni tahlil qilish hamda zamonaviy raqamli yechimlarni ishlab chiqarish jarayonlariga keng tatbiq etish istiqbollari haqida atroflicha ma’lumot berildi.
Shuningdek, universitet mutaxassislari tomonidan kern namunalari bo‘yicha ma’lumotlarni, quduqlardan olinadigan karotaj (geofizik) axborotlarini raqamlashtirish, uran konlariga oid yagona ma’lumotlar bazasini shakllantirish hamda mineral resurslar zaxiralarini aniqlash va tahlil qilishga xizmat qiladigan sun’iy intellekt modullarini ishlab chiqish bo‘yicha qator takliflar ilgari surildi.

Uchrashuv yakunida “Navoiyuran” davlat korxonasi va Geologiya fanlari universiteti o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni raqamlashtirish jarayonlarini jadallashtirish va istiqbolli loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha o‘zaro kelishib olindi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri