Banklarda 22,9 trillion so‘mlik muammoli kredit bor
O‘zbekiston bank tizimida qaytarilishi kechikayotgan kreditlar hajmi 22,94 trillion so‘mni tashkil etmoqda. Ularning 70 foizdan ortig‘i davlat banklari tomonidan ajratilgan kreditlar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Markaziy bank tahliliga ko‘ra, 2026-yil 1-iyul holatida respublika banklaridagi muammoli kreditlar — ya’ni o‘z vaqtida qaytarilmagan yoki qaytarilishida qiyinchilik yuzaga kelgan kreditlar miqdori 22,94 trillion so‘mga yetgan. Uning qariyb 16,44 trillion so‘mi davlat banklari hissasiga to‘g‘ri keladi. Bu umumiy muammoli kreditlarning 70 foizdan ortiq qismini tashkil etadi. Xususiy banklardagi muammoli kreditlar esa 6,5 trillion so‘m atrofida.
Muammoli kreditlar dinamikasiga nazar tashlansa, so‘nggi bir yilda davlat banklari orasida eng katta o‘sish Mikrokreditbankda qayd etilgan. Bankda muammoli kreditlar hajmi 613 milliard so‘mga oshgan. Shuningdek, Aloqabankda bu ko‘rsatkich 401 milliard so‘mga, Agrobankda esa 394 milliard so‘mga ko‘paygan. Biroq barcha davlat banklarida ham vaziyat bir xil emas. Masalan, O‘zsanoatqurilishbank muammoli kreditlar hajmini 562 milliard so‘mga, Xalq banki esa 346 milliard so‘mga qisqartirishga erishgan.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, xususiy banklar hissasiga to‘g‘ri keladigan muammoli kreditlar miqdori 6,5 trillion so‘mni tashkil etgan. Ular orasida Ipotekabank — 1,1 trillion so‘m, TBC Bank Uzbekistan — 1 trillion so‘m, Anorbank — 901 milliard so‘m, Kapitalbank — 822 milliard so‘m muammoli kreditlarga ega.
So‘nggi bir yilda xususiy banklar orasida ham turli dinamika kuzatilgan. Xususan, Anorbank’da muammoli kreditlar 586 milliard so‘mga, TBC Bank Uzbekistan’da esa 582 milliard so‘mga oshgan. Shu bilan birga, Ipotekabank muammoli kreditlar hajmini 1,2 trillion so‘mga, Kapitalbank esa 1,1 trillion so‘mga kamaytirgan. Muammoli kreditlarning umumiy hajmida davlat banklari ulushining yuqoriligi bank tizimida kredit portfelining sifati va qarzlarni o‘z vaqtida qaytarish masalasi dolzarb bo‘lib qolayotganini ko‘rsatadi.
Ayniqsa, ayrim banklarda muammoli kreditlar hajmining bir yilda sezilarli darajada oshgani kredit ajratishda qarz oluvchining moliyaviy imkoniyatlarini baholash, kredit tavakkalchiliklarini boshqarish va berilgan mablag‘larning qaytarilishini nazorat qilish mexanizmlariga yanada jiddiy e’tibor qaratish zarurligini ko‘rsatadi.
Shu bilan birga, ayrim banklarning muammoli kreditlar hajmini sezilarli kamaytirgani kredit portfelini sog‘lomlashtirish, qarzdorlikni undirish va kredit tavakkalchiliklarini boshqarish bo‘yicha chora-tadbirlar samara berayotganini anglatadi.
Muhimi, muammoli kreditlar miqdori nafaqat banklarning moliyaviy barqarorligi, balki aholi va tadbirkorlarni kreditlash imkoniyatlari hamda bank tizimidagi risklarni boshqarish sifati uchun ham muhim ko‘rsatkich hisoblanadi.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA