Suriya manzaralari
O‘tayotgan haftada Suriyaning sobiq prezidenti Bashar Asad mamlakatni tashlab qochganidan buyon Moskvadan turib birinchi marta bayonot berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ziddiyat paytida Rossiyaning Xmeymim aviabazasiga yetib kelganida, u Damashqning qulagani haqida bilgan. Shundan so‘ng u baza qo‘mondonligiga RFga zudlik bilan evakuatsiya qilinishi kerakligini ta’kidlagan. Asadning aytishicha, u Damashqda 8 dekabr erta tonggacha qolgan.
– Bayonot avvalroq e’lon qilinishi kerak edi, -deya qo‘shimcha qildi u. – Ammo o‘sha paytdagi vaziyatlar, shu jumladan, xavfsizlik nuqtai nazaridan uni e’lon qilish kechiktirildi. Asadning ta’kidlashicha, u Latakiyaga Rossiya ittifoqchilari bilan harbiy amaliyotlarni muvofiqlashtirish uchun borgan. “Latakiyadagi bazaga kelganimizda bizning kuchlarimiz barcha jangovor pozitsiyalardan butunlay olib chiqib ketilgani ma’lum bo‘ldi”, - deydi Bashar Asad.
Bashar Asad hukumati qulashiga yetakchilik qilgan “Hay’at Tahrir ash-Shom” qo‘mondoni Abu Muhammad al-Jo‘loniy Britaniyaning “The Times” gazetasiga bergan intervyusida, bundan keyin o‘z mamlakatida urush bo‘lishiga aslo yo‘l qo‘ymasligini ta’kidladi.
Al-Jo‘loniy Isroil rejimini zudlik bilan havo hujumlarini to‘xtatishi va Asad hukumati parchalanganidan so‘ng bosib olingan hududlardan darhol chiqib ketishi kerakligi haqida ogohlantirgan. U, shuningdek G‘arb davlatlarini sobiq prezident hukmronligi davrida Suriyaga nisbatan kiritilgan sanksiyalarni bekor qilishga chaqirdi.
Isroil OAV ma’lumotlariga ko‘ra, rejim armiyasi allaqachon Suriya hududining 370 kvadrat kilometrdan ko‘prog‘ini egallab, Dar’a viloyati g‘arbida joylashgan Yarmuk hududidagi Ma’ariya qishlog‘igacha yetib borgan.
Al-Jo‘loniy “BBC”ga intervyu berib, Suriyani Afg‘onistonga o‘xshatish haqidagi shubhalarga ham keskin qarshi fikr bildirib o‘tgan. Unga ko‘ra, bu mamlakatlar juda farqli va turli an’analarga ega. Suriyada mentalitet boshqacha. Jo‘loniy Suriya kelajagi uchun ayollar ta’limi juda zarurligini ta’kidlamoqda.
Tramp Suriyada Asadning ag‘darilishini Turkiya uyushtirganini aytmoqda.
– Turkiya yillar davomida orzu qilgan ishni prezident Rejep Tayyip Erdog‘an “do‘stona yo‘l bilan” amalga oshirdi, -deya fikr bildirgan AQSHning saylangan prezidenti Donald Tramp. Uning ta’kidlashicha, Turkiya Suriyaning sobiq rahbari Bashar Asadni hokimiyatdan ag‘dargan “jangarilarni” nazorat qilmoqda.
–Turkiya asosiy kuchdir. Erdog‘an bilan yaxshi munosabatdamiz, lekin tan olish kerakki, u katta harbiy kuchga ega qudratli armiya yaratgan, -dedi Tramp prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozonganidan keyingi ilk matbuot anjumanida.
Payshanba kuni jurnalistlar bilan suhbatda Pentagon matbuot kotibi Pat Rayder AQSHning qo‘shimcha kuchlari Suriyada shu oy sobiq prezident Bashar Asad hokimiyatdan ag‘darilganidan oldin bo‘lganini aytdi.
“Biz sizlarga Suriyada 900 ga yaqin AQSH askarlari borligi haqida muntazam ma’lumot berib kelamiz. Suriyadagi vaziyat va katta qiziqishni hisobga olgan holda, biz yaqinda bu raqamlar ko‘proq ekanligini bilib oldik. Men ham bugun bildim”, - degan Rayder. Uning so‘zlariga ko‘ra, Suriyada uzoq muddatli 900 nafar askar bo‘lib, ilgari e’lon qilinmagan 1100 askar qisqa muddat davomida bo‘lgan.
AQSH Britaniyada taktik yadro qurolini joylashtirishi mumkin
Qo‘shma Shtatlar yaqin bir necha yil ichida Buyuk Britaniyadagi “Leykenhit” harbiy bazasiga taktik yadro qurolini joylashtirishi mumkin, deb yozdi “Telegraph” gazetasi.
– Vashington “Leykenhit” harbiy bazasida yangi taktik yadro qurollarini saqlash omborini qurmoqda. Ba’zi taktik jangovar kallaklar keyingi yilda, ya’ni, ushbu inshoot qurib bitkazilgach olib kelinishi kutilmoqda, -deyiladi nashr tarqatgan xabarda.
O‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar faollashgani sari Isroil G‘azoni bombardimon qilishni kuchaytirmoqda. Isroil hujumlari davom etar ekan, AQSH va Arab vositachilari o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishish uchun kecha-yu kunduz ishlamoqda.
“Reuters” axborot agentligi va G‘azo sektoridagi shifokorlar payshanba kuni Isroil hujumlarida 41 nafar falastinlik halok bo‘lganini aytishdi. G‘azo shahrining sharqiy qismidagi Tuffah chekkasida ko‘chirilgan oilalar joylashgan ikkita boshpana havo hujumlarida kamida 15 falastinlik halok bo‘lgan.
Isroil va Husiylar munosabati
Husiy guruhining ma’lum qilishicha, Isroilning hafta o‘rtasida Yamanga berga aviazarbalarida kamida to‘qqiz kishi halok bo‘lgan. Yahudiy davlati askarlari Hudeyda va Sanadagi elektr stansiyalari, port va neft inshootini nishonga olgan.
Husiylar nazorati ostidagi ommaviy axborot vositalarining xabarlariga ko‘ra, Isroilning bir qator havo hujumlari Yaman poytaxti va port shahrini larzaga keltirgan.
Isroil armiyasi payshanba kuni ertalab guruh tomonidan Isroil tarafga otilgan raketani tutib olgandan so‘ng, javob hujumlarini amalga oshirgan.
Yamanning SABA axborot agentligi Hudeydaga to‘rtta reyd o‘tkazilgani, ikkitasi neft inshootiga zarba berilgani va uning ba’zi xodimlari o‘ldirilgani hamda yaralangani haqida xabar bergan edi. Hafta oxiriga kelib esa, Yaman Isroilga raketa hujumi uyushtirdi. Isroilning «Temir gumbazi» tizimi Yaman Husiylari tomonidan Tel-Avivga yo‘llangan ballistik raketani ushlab qola olmadi. Snaryad shahar markazida bolalar maydonchasiga quladi. Isroil armiyasi Yamandan raketani tutib olishga urinish muvaffaqiyasiz yakunlanganini e’lon qildi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, besh kishi jarohatlangan.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/WnykwfgJt9w" title="Isroilga raketa otgan Husiylar, Tataristonda notinchlik va Suriya manzaralari" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>
Sardorbek Poyonov, Nishonboy Abduvoitov, Ulug‘bek To‘xtayev (video), O‘zA.