Ispaniyada chop etilgan yangi kitobda Turon zaminining 8000-yillik sivilizatsiya yo‘li e’tirof etildi
Ispaniyada yurtimiz tarixchi olimlari va xorijlik mutaxassislar hamkorligida yirik ilmiy tadqiqot natijalari kitob holida chop etildi. Ispaniya Tarix instituti direktori, akademik Azamat Ziyo hamda Sevilya, Kadis va Valyadolid universitetlari tarixchilari hammuallifligida dunyo yuzini ko‘rgan ushbu asar “Markaziy Osiyoda ming yillik globallashuvlar: Ilk o‘rta asrlardan kunimizgacha” (“Un milenio de globalizaciones en el Asia Central. De los albores de la Edad Media a la contemporaneidad”) deb nomlanadi.
Mazkur fundamental tadqiqotdan o‘rin olgan “Markaziy Osiyoning yalpi sivilizatsiyalashuv yo‘li” (“La senda de la civilización global de Asia Central”) nomli tahliliy maqolasida akademik Azamat Ziyo butunlay yangicha ilmiy yondashuvlar asosida mintaqamiz tarixiga doir qator muhim konseptual masalalarni ilgari surgan.
Xususan, tadqiqotda Turon sivilizatsiyasining tug‘ilishi va uning insoniyat taraqqiyotida tutgan o‘rni manbalar asosida chuqur tahlil qilingan. Ta’kidlanishicha, o‘lkada bundan 8000-yil burun o‘troq turmush tarzi va dehqonchilik paydo bo‘lgan, salkam 5500-yil oldin sun’iy sug‘orish tizimlari shakllangan bo‘lsa, 4000-yil ilgari dastlabki shaharchilik madaniyati va o‘zbek davlatchiligi kurtaklari yuzaga kelgan. Shuningdek, Turonda paxtachilik va ipakchilik bundan 4000-yil avval ham mavjud bo‘lgani, ya’ni chigit Hindistondan, ipak esa Xitoydan keltirilmagani haqidagi yangicha ilmiy xulosalar bayon etilgan. Qadimgi zamonlarda aynan shu zamindan boshlangan La’l, Lojuvard, Badaxshon va Tuz yo‘llari kabi xalqaro savdo tarmoqlarining shakllanish tarixi ham ochib berilgan.
Muallif mintaqaning jahon diniy ta’limotlari, xususan, zardushtiylik, buddaviylik va islom dini rivojidagi beqiyos o‘rnini alohida ko‘rsatib o‘tgan. Samarqand, Buxoro, Xorazm, Nasaf, Kesh, Termiz, Marv, Farg‘ona, Marg‘ilon va Toshkent kabi ilm-fan markazlarida yetishib chiqqan yuzlab allomalarning dunyoviy fanlar rivojiga qo‘shgan hissasi yuqori baholangan. Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Nasr Forobiy, Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino, Abdurrahmon Xozin, Mahmud Chag‘miniy, Mirzo Ulug‘bek, Ali Qushchi va Alisher Navoiy kabi daholarning kashfiyotlari Yevropa ilmiy inqilobiga qanday ta’sir ko‘rsatgani alohida qayd etilgan. Shuningdek, insoniyat tarixidagi ilk oliy ta’lim muassasalaridan biri – 937 yilda tashkil etilgan Forjak madrasasi va Turon me’morchiligi fenomeni tahlil qilingan.
Asar sahifalarida milliy davlatchiligimizni boshqargan Kanishka, Istami xoqon, Ismoil Somoniy, Mahmud G‘aznaviy, Malikshoh, Sulton Muhammad, Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur, Shohrux, Mirzo Bobur, Abdullaxon, Yalangto‘sh Bahodir kabi yirik hukmdorlar faoliyatiga atroflicha to‘xtalib o‘tilgan. Ayniqsa, Buyuk Xitoy devoridan O‘rta yer dengizigacha, Moskvadan Dehligacha bo‘lgan ulkan geosiyosiy makonni Samarqand atrofida birlashtirgan Amir Temur shaxsiga yuqori baho berilgan. Sohibqiron asos solgan va Temuriylar renessansi deb nom olgan davr mintaqaning iqtisodiy va madaniy qudratini qayta tiklagani e’tirof etilgan. Shu bilan birga, XIX asrning ikkinchi yarmida Turon zamini Rossiya imperiyasi tomonidan bosib olingani va bu davrdagi siyosiy jarayonlar ham xolis aks ettirilgan.
Akademik Azamat Ziyo o‘z tahliliy maqolasini quyidagi xulosaviy fikrlar bilan yakunlagan:
“O‘zbeklarda bir dono maqol bor: oqqan daryo oqaveradi. Bundan 8000-yil burun boshlanib, kishilik tarixidagi eng nufuzli sivilizatsiyalardan biri maqomiga erishgan Turon o‘z tarixida qanchadan-qancha og‘ir sinovlarni, suronli davrlarni boshdan kechirmasin, XXI asrda Markaziy Osiyo o‘laroq yana o‘z tarixiy yo‘lini topib oldi. Bu – butunlay yangicha tarixiy va zamonaviy shart-sharoitlardagi global sivilizatsiya yo‘lidir”.
Xalqaro olimlar hamkorligida chop etilgan ushbu yirik ilmiy asar Markaziy Osiyo, xususan, O‘zbekistonning boy tarixi va madaniy merosini dunyo miqyosida keng targ‘ib qilishda muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi.
Dilbar Nishonova, O‘zA