“G‘aflatdan uyg‘otgan jadid” kitobi nashrdan chiqdi
Kitob muallifi filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori, shoir va adabiyotshunos, tarixshunos Ismat Sanayev.
Xo‘sh, biz hali yaxshi bilmagan, millatni g‘aflat uyqusidan uyg‘otishga bel bog‘lagan vatanparvar, jadid o‘zi kim?
Bu savolga kitobdan shunday javob topasiz:
“Bahrombek Davlatshoh o‘g‘li – Tarjimon XIX asrning Zarafshon vodiysida kamolga yetgan zabardast shoirlardan biri hisoblanadi. Ijodkorning otasi Davlatshoh Karimov turkiy tillar oilasiga mansub no‘g‘ay millatidan. U ko‘nglidagi mustahkam islomiy e’tiqod tufayli Krasnodar o‘lkasidagi uyini tark etib, Zarafshon vodiysidagi Miyonkolning markazlaridan biri hisoblangan Kattaqo‘rg‘on shahriga ko‘chib kelgan.
Bahrombek Davlatshoh 1871-yili Kattaqo‘rg‘on shahrida tug‘ilgan. Dastlab ma’lumotni otasidan keyin eski maktabda va rus maktabida ta’lim, tarbiya olgan. Otasi surgun qilingach, Bahrombek onasining sa’y-harakati bilan ibtidoiy rus maktabida o‘qigan. Buxoro madrasasida o‘z bilimini takomiliga yetkazadi. O‘zbek, fors-tojik, arab, rus va no‘g‘ay tillarini mukammal bilgan...”.
Ismat Sanayevning mazkur kitobi ilm ahli uchun noma’lumligicha qolib kelayotgan jadid, Miyonkol adabiy muhitining ko‘zga ko‘ringan vakili Bahrombek Davlatshoh o‘g‘li Tarjimon hayoti va adabiy merosiga doir tadqiqot hamda shoirning ilmiy jamoatchilikka nolma’lum she’riy va publitsistik asarlari haqida xabar beradi.
Bahrombek Davlatshoh o‘g‘li Tarjimon barcha yangi hayot tarafdorlaridek maslakdoshlari bilan hamkor, hamfikr, hamsuhbat holatda faoliyat ko‘rsatgan. Ammo sho‘rolar siyosati tufayli bir necha tillarni mukammal bilgan, o‘zbek, fors va rus tillarida asarlar yaratgan Tarjimonning hayoti va ijodi o‘tgan 70 yil davomida o‘rganilmadi va adabiyotshunoslikda o‘z bahosini olmadi.
Taniqli shoir va olim Ismat Sanayev qo‘lyozma manbalari, arxiv mulkiga aylangan hujjatlarni erinmay sinchiklab o‘rganib, tarjima qilib, ilk bor alohida kitob shaklida tayyorladi.
Mazkur kitob orqali o‘z davrida millatni g‘aflat uyqusidan uyg‘otishga chorlagan, qatag‘on davrining qurboni bo‘lgan hozirjavob va otashin jadid shoirni yaqindan taniysiz, ijodidan zavq olasiz.
Ta’kidlash joizki, muallif ushbu shoir ijodi bilan qariyb o‘ttiz yil shug‘ullandi. Shoir biografiyasiga oid yangi ma’lumotlarni aniqladi. Ilm ahliga ma’lum bo‘lmagan she’rlarini topdi, tahlil va tadqiq qildi.
Ismat Sanayevning “G‘aflatdan uyg‘otgan jadid” kitobi ana shunday mehnat va zahmat mahsuli ekani bilan qadrlidir.
Kitobga akademik Shuhrat Sirojiddinov muhrarirlik qilgan. Filologiya fanlari doktori, professor Nurboy Jabbor, filologiya fandlari doktori, professor Erkin Musurmonov, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori Bahrom Irzayevlar taqriz yozganlar...
O‘zA