Islohotlar suv ta’minoti tizimida ham o‘z samarasini bermoqda
Inson qadri, aholi farovonligi va munosib turmush sharoitini ta’minlash mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning ustuvor maqsadlaridan biridir. Bu jarayonda aholini sifatli va uzluksiz ichimlik suvi bilan ta’minlash, muhandislik-kommunal infratuzilmani modernizatsiya qilish, suv va energiya resurslaridan oqilona foydalanish muhim vazifalardan sanaladi. Bu borada amalga oshirilayotgan ishlar haqida “Navoiy suv ta’minoti” AJ direktori Otabek Zaripov muxbirimiz bilan bo‘lgan suhbatda quyidagilarni gapirib berdi:
– Bugungi kunda viloyatimizda ichimlik suvi ta’minotini izchil yaxshilash borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, 2019-yilda aholining markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasi 53,2 foizni tashkil etgan bo‘lsa, amalga oshirilgan keng ko‘lamli loyihalar va tizimli chora-tadbirlar natijasida 2026-yil yanvar holatiga ushbu ko‘rsatkich 34,7 foizga oshib, 87,9 foizga yetdi. Joriy yilda amalga oshirilayotgan dasturlar doirasidagi ishlar yakuni bilan esa ushbu ko‘rsatkichni 88,5 foizga yetkazish belgilangan.
Bugungi kunda sohada yondashuv tubdan o‘zgarib, mavjud tarmoqlarni saqlash va ta’mirlash bilan bir qatorda, infratuzilmani yangilash, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, energiya sarfini kamaytirish, xizmatlarni raqamlashtirish hamda iste’molchilar uchun qulayliklarni kengaytirishga ustuvor ahamiyat berilmoqda.
Ayni paytda viloyatdagi mavjud 310 ta mahallaning 198 tasi to‘liq, 90 tasi qisman markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlangan. Qolgan 22 ta mahallaga esa markazlashgan ichimlik suvi hali yetib bormagan. Ushbu mahallalar asosan dasht, tog‘ va tog‘ oldi hududlarda joylashganligi sababli texnik jihatdan tarmoq tortish imkoniyati yo‘qligi bois ularning 4 tasiga suv tashish texnikalari orqali yetkazib berilmoqda. Shuningdek, 18 ta mahalla aholisi esa suvni tabiiy buloqlardan, shaxsiy quduqlar orqali iste’mol qiladi. Mazkur yo‘nalishda ham aholi ehtiyojlarini ta’minlashga qaratilgan amaliy choralar ko‘rilmoqda.

Joriy yilda davlat dasturlari doirasida respublika byudjetidan 176,9 milliard so‘m mablag‘ ajratilib, 466,4 kilometr ichimlik va oqova suv tarmoqlarini qurish ishlari olib borilmoqda. Jumladan, investitsiya dasturi doirasida 3 ta ob’ekt uchun 55,1 milliard so‘m, drayver loyihalar doirasida 1 ta ob’ekt uchun 1 milliard so‘m, boshqa dasturlar bo‘yicha 52 ta ob’ekt uchun 120,8 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirildi.
Joriy yilning sakkiz oyida 130 milliard so‘m mablag‘ o‘zlashtirilib, yillik reja 64 foizi bajarildi. Mazkur ishlar doirasida qariyb 200 kilometr yangi ichimlik suvi tarmog‘i qurildi, 3 ta suv inshootida qurilish-montaj ishlari amalga oshirildi.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 11-fevraldagi “2026-yilda Navoiy viloyatini barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, Navoiy, Zarafshon shaharlari, Uchquduq tumani va Konimex tumanining Zafarobod qo‘rg‘onidagi tortilganiga uzoq yillar bo‘lgan nosoz holatdagi ichimlik va oqava suv tarmoqlarini to‘liq rekonstruksiya qilib, yangisiga almashtirish belgilangan.

Bugungi kunda ushbu ob’ektlar yuzasidan ishlab chiqilgan loyiha-smeta hujjatlari o‘rnatilgan tartibda ekspertiza xulosasini olish uchun tizimga kiritilgan. Loyihani amalga oshirish muddati 2026-2027-yillarni tashkil etadi.
Bundan tashqari, jamiyatning o‘z mablag‘lari hisobidan 100 tadan ortiq nasos agregati, 25 kilometrdan ziyod ichimlik suvi tarmog‘i va 2 kilometrga yaqin oqova suv tarmog‘i joriy hamda mukammal ta’mirdan chiqarildi. Natijada 55 ming nafardan ortiq aholining ichimlik suvi ta’minoti va xizmat ko‘rsatish sifati sezilarli darajada yaxshilandi.
Sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning muhim jihati e’tibor faqat yangi tarmoqlar qurishga emas, balki mavjud tizimni iqtisodiy jihatdan samarali boshqarishga ham qaratilmoqda. Jumladan, davlatimiz rahbarining 2024-yil 12-dekabrdagi “Navoiy viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida Navoiy shahri, Karmana tumani va Konimex tumanining bir qismini ichimlik suvi bilan ta’minlovchi suv inshootlari hamda nasos stansiyalarini rekonstruksiya qilish, ularni zamonaviy energiya tejamkor uskunalar bilan jihozlash va avtomatlashtirish ishlari uchun 13,6 milliard so‘m byudjet ssudasi ajratildi.

Ushbu mablag‘lar hisobidan “Navoiy suv ta’minoti” AJ balansidagi 3-ko‘taruv ichimlik suvi nasos stansiyasida mavjud 6 ta nasos agregati almashtirilib, 10 ta chastotani o‘zgartirish qurilmasi o‘rnatildi. Natijada yillik elektr quvvati iste’molini 24 million kilovatt-soatdan 17 million kilovatt-soatgacha, ya’ni 30 foizgacha kamaytirish imkoniyati yaratildi.
Natijada o‘tgan yilning aprel-iyun oylarida 7,5 million kilovatt-soat elektr energiyasi iste’mol qilingan bo‘lsa, joriy yilning shu davrida bu ko‘rsatkich 4,2 million kilovatt-soatni tashkil etdi. Natijada 3,3 million kilovatt-soat yoki 3,3 milliard so‘mlik elektr energiyasi iqtisod qilindi.
Suv ta’minoti tizimida “yashil” texnologiyalardan foydalanish ko‘lami ham kengaymoqda. Suv inshootlari hududlaridagi bo‘sh yer maydonlariga umumiy quvvati 2,5 MVt bo‘lgan quyosh elektr panellari o‘rnatildi. Joriy yilning yanvar-iyun oylarida ushbu panellar orqali 1,5 million kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Natijada jamiyatga 300 million so‘m miqdorida daromad olish imkoniyati yaratildi.
Raqamlashtirish sohadagi islohotlarning yana bir muhim yo‘nalishi sifatida namoyon bo‘lmoqda. Navoiy viloyatida tajriba tariqasida ko‘p qavatli uyning 68 ta xonadoniga masofadan turib ichimlik suvini tarmoqdan uzish-yoqish va onlayn ma’lumot uzatish imkonini beruvchi suv hisoblagichlari o‘rnatildi. Natijada mazkur xonadonlarda suv hisobi to‘liq raqamlashtirildi.

E’tiborli jihati shundaki, onlayn hisoblagichlar o‘rnatilishidan oldin 68 ta xonadonda 34 million so‘m debitor qarzdorlik mavjud bo‘lgan bo‘lsa, keyinchalik ushbu qarzdorlik to‘liq undirildi va suv uchun to‘lovlarni oldindan amalga oshirish tizimi yo‘lga qo‘yildi.
Raqamlashtirish suvdan tejamkor foydalanishga ham ta’sir ko‘rsatmoqda. Hisoblagichlar o‘rnatilishidan oldin ushbu xonadonlarda 1 400 kub metr suv iste’mol qilingan bo‘lsa, keyinchalik bu ko‘rsatkich 1 000 kub metrga tushdi.
Islohotlarning aholi uchun qay darajada samara berayotganini iste’molchilar sonining ortishi misolida ham ko‘rish mumkin. 2025-yil 1-sentabr holatiga jamiyat tomonidan 216 255 ta iste’molchiga ichimlik va oqova suv xizmatlari ko‘rsatilgan bo‘lsa, 2026-yilning shu davriga ularning soni 227 370 taga yetdi. Demak, iste’molchilar soni bir yilda 11 115 taga ko‘paydi.
Shu bilan birga, suv hisoblagichlarini o‘rnatish ishlari ham jadal olib borilmoqda. 2025-yil 1-sentabr holatida 14 439 ta iste’molchi suv hisoblagichisiz me’yor tarifi asosida foydalangan bo‘lsa, 2026-yilning mos davrida bunday iste’molchilar soni 7 858 taga tushdi. Ya’ni, ularning soni 6 581 taga qisqardi. Bu esa hisob-kitoblarni aniq va shaffof yuritish, iste’mol qilingan suv hajmini nazorat qilish imkoniyatlarini yaratmoqda.
Sohadagi islohotlarning muhim vazifalaridan biri moliyaviy intizomni mustahkamlash, ko‘rsatilayotgan xizmatlar uchun to‘lovlarni o‘z vaqtida undirish va korxonaning barqaror ishlashini ta’minlashdan iborat.
2026-yil 1-yanvar holatiga jamiyatda debitor qarzdorlik 21,4 milliard so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, bugungi kunda ushbu ko‘rsatkich 18 milliard 411 million so‘mga tushirildi. Ya’ni, yil boshiga nisbatan qarzdorlik 2 milliard 990 million so‘mga kamaydi.
Iste’molchilar bilan hisob-kitoblarni tartibga solish, qonun buzilishlarining oldini olish maqsadida ham tizimli ishlar olib borilmoqda. 2026-yil davomida o‘tkazilgan o‘rganish va reyd tadbirlari natijasida 789 ta holat bo‘yicha dalolatnoma rasmiylashtirildi. Shundan 77 tasi ichimlik va oqova suv tarmoqlaridan o‘zboshimchalik bilan foydalanish, 712 tasi esa suv ta’minotidan foydalanish qoidalarini buzish holatlaridir.

Aniqlangan 789 ta holatning 770 tasi aholi, 19 tasi yuridik iste’molchilar hissasiga to‘g‘ri kelgan. Ularga jami 683 million so‘m miqdorida qayta hisob-kitob qilingan bo‘lib, shundan 482 million so‘mi undirildi.
Debitor qarzdorlikni undirish maqsadida 2026-yil mobaynida sud organlari hamda notarial idoralarga 824 ta iste’molchi bo‘yicha 787 million so‘mlik da’vo arizalari kiritildi. Shuningdek, to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirmagan 750 ta iste’molchi ichimlik suvi tarmog‘idan vaqtincha uzildi.
Eng muhimi, suv ta’minoti tizimida amalga oshirilayotgan har bir yangi loyiha, har bir modernizatsiya jarayoni va har bir raqamli yechim iste’molchilarga qulayliklar yaratishga xizmat qilmoqda.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA muxbiri