Ishsiz aliment to‘lovchilar bandligi muhim masala
Surxondaryo viloyatida 22 ming 117 nafar aliment to‘lovchi istiqomat qiladi. Ularning 6 ming 962 nafari ishsiz bo‘lgani uchun aliment undiruvi bilan bog‘liq ayrim masalalar ham ko‘ndalang bo‘lmoqda.
Viloyatda bu masalalarga yechim topish va aliment to‘lovchilarning bandligini ta’minlash yuzasidan tegishli ishlar amalga oshirilmoqda. Uchrashuv va mehnat yarmarkalari tashkil etilib, ishsiz aliment to‘lovchilarga voyaga yetmagan farzandining moddiy ta’minoti uchun to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirishning mazmun-mohiyati atroflicha tushuntirilmoqda. Ishsiz aliment to‘lovchilarning bandligini ta’minlash choralari ko‘rilayotir.
Termiz muhandislik va agrotexnologiyalari universitetida viloyat prokuraturasi bilan hamkorlikda aliment to‘lovchilar uchun tashkil etilgan uchrashuv ham ana shu maqsadga yo‘naltirilgani e’tiborga sazovor bo‘ldi. Uchrashuvda aliment undiruvi sohasidagi muammolarni hal etish va farzandlar manfaatlarini himoya qilish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekani qayd etildi. Band bo‘lmagan aliment to‘lovchilarni mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblarga o‘qitish, ularning bandligini ta’minlash va doimiy daromad manbaini shakllantirish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida atroflicha ma’lumot berildi. Belgilangan aliment mablag‘i bolaning yashashi, ta’limi, sog‘lig‘i va boshqa ehtiyojlarini qondirishga ko‘maklashishdan iborat ekani ta’kidlandi. Mehnat yarmarkasida 35 nafar aliment to‘lovchining bandligi ta’minlanib, tegishli hujjatlar rasmiylashtirildi.

Tadbir doirasida aliment to‘lovlaridan bo‘yin tovlab kelgan 18 nafar qarzdorga nisbatan rasmiylashtirilgan ma’muriy ish hujjatlari ochiq sayyor sud majlisida ko‘rib chiqilib, jamoatchilik ishtirokida muhokama etildi.
Viloyatda joriy yilning o‘tgan davrida moddiy yordamga muhtoj farzandlar foydasiga 141 milliard so‘m aliment mablag‘i undirilib, uning 71 milliard so‘mi aliment oluvchilarning bank plastik kartalariga o‘tkazib berildi.
Qobiljon Tursunov,
MIB Surxondaryo viloyati
boshqarmasi katta inspektori.
O‘zA