Aliment undiruvi ustuvor masala
Majburiy ijro byurosi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi tomonidan voyaga yetmagan farzandlar ta’minoti uchun aliment pullarini undirish, ishsiz aliment to‘lovchilarni ish bilan ta’minlash va ajrashgan oilalarni yarashtirish kabi ishlar alohida nazoratga olinib, amalga oshirilmoqda.
– Xususan, joriy yilning o‘tgan davrida hududiy bo‘limlar ish yurituvida mavjud bo‘lgan aliment undiruvi bilan bog‘liq 14 ming 991 ta ish bo‘yicha jami 97 milliard 431 million so‘m aliment puli undirilgan. Shuningdek, ishsiz aliment to‘lovchilarni ish bilan ta’minlash maqsadida Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi bilan hamkorlikda mehnat yarmarkalari tashkil etilib, 925 nafar aliment to‘lovchi ota ish bilan ta’minlandi. “Mahalla yettiligi” bilan hamkorlikda olib borilgan targ‘ibot va tashviqot ishlari natijasida jami 607 ta oila yarashtirildi, – deydi Majburiy ijro byurosi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi katta inspektori Azat Utegenov.
Masalan, Majburiy ijro byurosi Qorao‘zak tuman bo‘limi ish yurituvida mavjud bo‘lgan, fuqarolik ishlari bo‘yicha Chimboy tumanlararo sudining 2024-yil 6-fevral kungi ijro hujjatiga asosan qarzdor R.O. sobiq turmush o‘rtog‘i A.G.ning foydasiga uning qaramog‘idagi bir nafar farzandi ta’minoti uchun har oyda aliment pulini to‘lashi belgilangan. Shunga qaramasdan, qarzdor aliment pullarini muntazam ravishda to‘lamay kelganligi oqibatida uning qarzdorligi 57,6 million so‘mni tashkil etgan.
Shu sababli, bo‘limda davlat ijrochisi tomonidan qarzdorga alimentdan yuzaga kelgan qarzdorlik darhol qoplanmasa, uning javobgarlik masalasi hal qilinishi to‘g‘risida huquqiy tushuntirish berilgan. Natijada qarzdor joriy yilning 12-avgust kuni yuzaga kelgan qarzdorlikni undiruvchiga naqd pulda to‘lab berdi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri