Iroqda qancha noqonuniy qurol to‘planib qolgan?
Iroq hukumati birinchi marta butun mamlakat bo‘ylab taxminan 6 million qurolni o‘z ichiga olgan yagona ma’lumotlar bazasini yaratdi.
Iroq IIV Aloqa va ommaviy axborot vositalari boshqarmasi boshlig‘i Miqdod Miriy ma’lum qilishicha, dastur doirasida 500 000 dan ziyod qurol ro‘yxatga olingan, 160 000 dan ortiq saqlash va olib yurish uchun litsenziya berilgan. Ta’kidlanishicha, “Hashd al-Shaabi” bilan aloqadorligi da’vo qilingan 71 xufiya markaz va 119 qurol do‘koni yopilgan.
Shuningdek, rasmiylar 143 000 ga yaqin o‘g‘irlangan qurolni kuzatyapti, xususiy xavfsizlik kompaniyalaridan 21 000 qurol musodara qilindi. Mulozim aytishicha, noqonuniy qurollarni to‘liq ro‘yxatga olish, nazorat qilish va musodara qilish dasturi 2030-yilga qadar amal qiladi.
Aslahani ixtiyoriy ravishda ro‘yxatga olish muddati 31-dekabrda tugaydi. Shungacha qayddan o‘tmagan qurol noqonuniy hisoblanadi va egasi jinoiy javobgarlikka tortiladi.

Bosh vazir Az-Zaydiy noqonuniy qurolni musodara qilish va faqat mamlakat xavfsizlik kuchlari qo‘lida jamlash bo‘yicha davlat dasturi amalga oshirilishini aytgan. Ayni payt muammoning ikki ehtimoliy yechimi ko‘rib chiqilyapti. Birinchisi, jarayonni tinch yo‘l bilan yakunlash uchun qurolli guruhlar bilan siyosiy murosaga kelish, ikkinchisi davlat tomonidan ushbu guruhlarni majburan qurolsizlantirish bo‘yicha yanada qat’iy va keskin chora ko‘rish.
Rejaning bir qismi sifatida Az-Zaydiy Bag‘dod janubidagi strategik jihatdan muhim Jurf Al-Sahr mintaqasini xavfsizlik kuchlari ixtiyoriga to‘liq o‘tkazishni ham ko‘zlayapti.

Hukumat rahbari agar guruhlar 30-sentabrgacha qurolini topshirishdan bosh tortsa, mamlakat ular bilan jangovar to‘qnashuvga tayyorligini bildirgan.
Darvoqe, Bag‘dod Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi (KISR) bilan aloqani kuchaytirdi. Tomonlar noqonuniy qurol aylanmasi yo‘llarini to‘sish va radikal unsurlarga qarshi harakatni muvofiqlashtirish choralarini ishlab chiqmoqda.
Xalqaro koalitsiya kuchlarini to‘liq olib chiqish muddati hisoblangan 30-sentabrdan so‘ng zaxirani noqonuniy saqlash terrorizm sifatida tasniflanadi.
S.Rahimov, O‘zA