Iqtisodiy savodxonlik – farovonlik kaliti
Iqtisodiy bilimlarning mukammalligi hayot farovonligini ta’minlashda, moddiy ne’matlardan to‘g‘ri va unumli foydalanishda muhim ahamiyatga ega. Pulni to‘g‘ri boshqarish bu - kelajakni ongli qurish demak.
Aynan shu g‘oya asosida har yili “Global Money Week” (“Umumjahon pul haftaligi”) xalqaro ta’lim haftaligi hamda uning doirasida aholining moliyaviy savodxonligini oshirishga qaratilgan qator tadbirlar tashkil etiladi.
Ushbu haftalikning asosiy maqsadi yosh avlodda to‘g‘ri jamg‘arish, shaxsiy moliyani samarali boshqarish ko‘nikmalarini shakllantirish, bank va moliyaviy xizmatlardan ongli foydalanishni targ‘ib qilish hamda moliyaviy xavf-xatarlarni anglash bo‘yicha bilimlarni kengaytirishdan iborat.

Mazkur tashabbus doirasida “O‘zmilliybank” aksiyadorlik jamiyatiga biriktirilgan Toshkent shahridagi mahalla kutubxonalarida “Smart spending” mavzusida tematik treninglar o‘tkazildi.
“Smart spending” – “Aqlli xarajatlar” - bu uzoq muddatli moliyaviy maqsadlarga erishish, o‘z byudjetini maqbullashtirish va keraksiz xaridlarni bartaraf etishga qaratilgan pul sarflashga ongli va oqilona yondashuv. Ushbu konsepsiya rejalashtirish, xarajatlarni nazorat qilish, ehtiyojlarni istaklardan ustun qo‘yish va tejashni avtomatlashtirishni o‘z ichiga oladi.

“Smart spending” mavzusida tematik treninglar "Paxta", "Do‘stobod", "Tiklanish" hamda "Xalqabog‘" mahalla fuqarolar yig‘inlari hududlarida tashkil etildi. 100 ga yaqin mahalla bolajonlari, maktab o‘quvchilari hamda ularning ota-onalari qamrab olindi. Ular uchun “O‘zmilliybank” aksiyadorlik jamiyati xodimlari tomonidan qiziqarli va interaktiv darslar tashkil etildi.
Treninglar davomida ishtirokchilarga moliyaviy rejalashtirish, daromad va xarajatlarni to‘g‘ri taqsimlash, tejamkorlik odatlarini shakllantirish bo‘yicha tushunchalar berildi.

Shuningdek, interaktiv mahorat darslari doirasida maxsus ishlab chiqilgan stol o‘yinlari orqali ishtirokchilarning bilimlari mustahkamlandi.
Faol ishtirok etgan qatnashchilar bankning esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Bunday tashabbuslar aholining moliyaviy savodxonligini oshirish, ayniqsa yoshlar orasida moliyaviy madaniyatni shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

“Global Money Week-2026” (“Umumjahon pul haftaligi – 2026”) doirasidagi tadbirlar hududlarda davom etmoqda.
N.Usmonova,
A.Alijonov (surat),
O‘zA muxbirlari