Iqtisodiy mustaqil ayol — farovon oila poydevori
Buxoroda xotin-qizlarning o‘z qobiliyati, mehnati va tadbirkorlik salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun yana bir muhim qadam tashlandi.
Zero, ayolning qo‘lida kasb, qalbida ishonch, qo‘lida mehnat quroli va oldida aniq maqsad bo‘lsa, bu nafaqat uning shaxsiy hayotini, balki butun oilaning ertangi kunini o‘zgartiradi. Iqtisodiy mustaqillik esa xotin-qizning jamiyatdagi faolligini oshirish, oila farovonligini ta’minlash va yangi imkoniyatlarga yo‘l ochishning muhim omilidir.
Bugun mamlakatimizda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularni kasb-hunarga o‘rgatish, tadbirkorlikka jalb etish, bandligini ta’minlash va munosib daromad manbaiga ega bo‘lishi uchun sharoit yaratish davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Davlat rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarda ham xotin-qizlarning iqtisodiy faolligini oshirish, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Ana shu ezgu maqsadlarning Buxorodagi amaliy ifodasi sifatida viloyat hokimligining ijtimoiy buyurtmasi asosida, Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondining moliyaviy ko‘magida O‘zbekiston “Tadbirkorlar va ishbilarmon ayollar” birlashmasi tomonidan “Iqtisodiy mustaqil ayol – farovon oila sari” loyihasiga start berildi.

Tadbirda Oliy Majlis Senati a’zosi, viloyat hokimligi mas’ullari, fuqarolik jamiyati institutlari rahbar va xodimlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.
Loyihaning qamrovi ham, maqsadi ham e’tiborga molik. Uning doirasida Buxoro va Kogon shaharlari, Peshku, Buxoro hamda Qorovulbozor tumanlarida istiqomat qiluvchi ijtimoiy himoyaga muhtoj, kasb-hunarga ega bo‘lsa-da, ishsiz yoki doimiy daromad manbaiga ega bo‘lmagan 103 nafar xotin-qizni tadbirkorlik faoliyatiga jalb etish ko‘zda tutilgan. Aslida bu shunchaki 103 nafar ishtirokchi emas. Bu — 103 ta taqdir, 103 ta oila, 103 ta yangi umid va 103 ta imkoniyat degani.
Loyiha ishtirokchilari tadbirkorlik asoslari, biznes-reja tuzish, moliyaviy savodxonlik, marketing, soliq va huquqiy munosabatlar, mahsulot hamda xizmatlarni bozorga olib chiqish kabi yo‘nalishlarda bilim va amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘ladi. Buning uchun beshta nazariy va amaliy o‘quv-trening tashkil etiladi. Mashg‘ulotlarga tajribali biznes-trenerlar, bank va soliq sohasi mutaxassislari jalb etiladi. Eng muhimi, loyiha faqatgina bilim berish bilan cheklanmaydi.
O‘quv jarayonini muvaffaqiyatli yakunlab, biznes-rejasi ma’qullangan ishtirokchilar loyiha byudjeti doirasida o‘z faoliyat yo‘nalishiga mos zamonaviy uskunalar va mehnat qurollari bilan ta’minlanadi. Bu esa ularga olgan bilimlarini amaliyotga tatbiq etish, o‘z ishini boshlash va dastlabki daromadini shakllantirish imkonini beradi.
“Tadbirkorlik bilan shug‘ullanaman” degan niyatning o‘zi kifoya emas. Buning uchun bilim, ko‘nikma, sarmoya, bozor va eng muhimi — ishonch kerak. Mazkur loyiha ana shu zanjirning har bir bo‘g‘inini qamrab olishi bilan ahamiyatli.

O‘zbekiston “Tadbirkorlar va ishbilarmon ayollar” birlashmasi boshqaruv raisi Mamlakat Sodiqovaning ta’kidlashicha, loyiha bir necha bosqichda amalga oshiriladi.
— Avvalo, maqsadli hududlarda ehtiyojmand xotin-qizlarni aniqlash va jalb etish ishlari olib boriladi. Ishtirokchilar ochiqlik, shaffoflik va teng imkoniyatlar tamoyillari asosida saralab olinadi. Shundan so‘ng tadbirkorlik asoslari, biznes-reja tuzish, moliyaviy savodxonlik, marketing, soliq va huquqiy munosabatlar, mahsulot va xizmatlarni bozorga olib chiqish mavzularida o‘quv-treninglar tashkil etiladi, — deydi u. Demak, bu yerda gap bir martalik yordam haqida emas. Asosiy maqsad — xotin-qizning qo‘liga tayyor imkoniyatni berish bilan birga, uni bu imkoniyatdan mustaqil ravishda foydalana oladigan darajaga olib chiqish. Loyihaning eng katta qiymati shundaki, uning natijasi faqat ishtirokchining shaxsiy daromadi bilan o‘lchanmaydi. Iqtisodiy mustaqillikka erishgan ayol oilasi farovonligiga munosib hissa qo‘shadi. O‘z biznesini yo‘lga qo‘ygan xotin-qiz esa keyinchalik boshqalar uchun ham ish o‘rni yaratishi mumkin. Shu tariqa bir ayolga berilgan imkoniyat asta-sekin butun mahallaga tarqaladi.
Loyiha doirasida mikrobiznes va oilaviy tadbirkorlik faoliyatini tashkil etish uchun sharoit yaratiladi. Xotin-qizlarni o‘zini o‘zi band qilishi, barqaror daromad manbaini shakllantirishiga ko‘maklashiladi. Mahallalarda yangi ish o‘rinlari yaratish imkoniyatlari kengayadi. Shuningdek, ishtirokchilarning moliyaviy va iqtisodiy savodxonligini oshirishga alohida e’tibor qaratiladi. Chunki bugun tadbirkorlikni boshlashning o‘zi emas, uni to‘g‘ri boshqarish, daromad va xarajatni hisoblash, bozorni o‘rganish, mahsulotni xaridorga yetkazish, qonuniy va moliyaviy munosabatlarni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish ham katta ahamiyatga ega. Yana bir muhim jihat — loyiha ishtirokchilari taqdiri loyiha yakuni bilan e’tibordan chetda qolmaydi.

Tashkil etilgan tadbirkorlik faoliyatining barqarorligi va ishtirokchilarning iqtisodiy natijalari loyiha yakunlanganidan keyin ham ikki yil davomida monitoring qilinadi. Bu esa tashabbusning bir kunlik tadbir emas, balki uzoq muddatli natijaga qaratilgan tizimli loyiha ekanini ko‘rsatadi.
Bugun tadbirkorlikka qadam qo‘yayotgan 103 nafar xotin-qizning ertangi natijasi, ehtimol, yangi ish o‘rinlari, yangi xizmat turlari, yangi oilaviy korxonalar va yana ko‘plab ayollar uchun yangi namunaga aylanar.
Ayolga imkoniyat berish — bir insonga yordam berish emas. Bu — bir oilaning kelajagiga, farzandlarning ta’limiga, xonadonning farovonligiga va mahallaning iqtisodiy qudratiga sarmoya kiritishdir. “Iqtisodiy mustaqil ayol – farovon oila sari” loyihasi ana shu haqiqatni amalda namoyon etmoqda.
Bugun qo‘liga mehnat quroli olgan, tadbirkorlik sirlarini o‘rganayotgan 103 nafar xotin-qiz ertaga o‘zining kichik biznesini katta imkoniyatga aylantirishi mumkin. Zero, mustaqil daromadga ega ayol o‘z taqdirini o‘zi belgilay oladigan, oilasiga tayanch bo‘ladigan va jamiyat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘sha oladigan faol insondir. Eng muhimi, bugun ularga shunchaki yordam emas, o‘z kelajagini o‘z qo‘li bilan bunyod etish imkoniyati berilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri