“Hunarli ayol – baxtli oila”
Yurtimizda ayollarning iqtisodiy mustaqilligini ta’minlash orqali oila farovonligini mustahkamlash, jamiyat taraqqiyotiga ularning hissasini kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shu maqsadda Buxoro shahrida “Hunarli ayol – baxtli oila” shiori ostida ko‘rgazma-yarmarka va forum tashkil etildi. Mazkur nufuzli tadbirda soha mutaxassislari, deputatlar, tadbirkor va hunarli ayollar, yoshlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda xotin-qizlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, ularning jamiyat va oiladagi o‘rni, iqtisodiy faolligini oshirishning samarali yo‘llari atroflicha muhokama qilindi. Tadbirning asosiy maqsadi xotin-qizlarning tadbirkorlik va hunarmandchilik sohasidagi salohiyatini rivojlantirish, ularni qo‘llab-quvvatlash hamda oilaviy daromad manbalarini kengaytirishdan iboratdir.
Buxoro davlat pedagogika institutida bo‘lib o‘tgan tadbirda viloyat hokimi o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Hafiza Artikova “Xotin-qizlar iqtisodiy faolligini oshirish – ijtimoiy davlat barpo etishning muhim omili” mavzusida ma’ruza qildi. Unda mamlakatimizda ayollarning tadbirkorlik tashabbuslarini rag‘batlantirish, ularni kasb-hunarga o‘qitish, bandligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar xususida so‘z yuritildi.
Shuningdek, “Hunarli ayol – barqaror oila va kuchli jamiyat asosi” mavzusida ham mazmunli chiqishlar bo‘lib o‘tdi. “Tadbirkor ayol” xalqaro ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasining viloyat bo‘limi rahbari Dilbar Ahmedova hamda Buxoro davlat pedagogika instituti tayanch doktoranti Billura Ikromova o‘z fikr-mulohazalari, amaliy takliflari va tajribalari bilan o‘rtoqlashdi.
Shuningdek, tashkil etilgan ko‘rgazma-yarmarka doirasida hududda faoliyat yuritayotgan hunarmand va tadbirkor ayollar tomonidan tayyorlangan mahsulotlar, milliy hunarmandchilik namunalari, zamonaviy ishlanmalar va istiqbolli loyihalar namoyish etildi. Bu esa ishtirokchilarga tajriba almashish, hamkorlik aloqalarini kengaytirish va yangi bozorlarga chiqish imkoniyatini yaratdi.
[gallery-28829]
Tadbir yakunida o‘zining faolligi, tashabbuskorligi va mehnati bilan namuna bo‘lib kelayotgan bir qator xotin-qizlar munosib taqdirlandi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA