Iqtisodiy hamkorlikning yangi bosqichi
Ko‘hna va boqiy Buxoro shahrida Afg‘oniston Islom Amirligi Sanoat va savdo vaziri Nuriddin Aziziy boshchiligidagi delegatsiyaning tashrifi ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy munosabatlarni yanada mustahkamlash yo‘lida muhim qadam bo‘ldi. Ushbu tashrif nafaqat o‘zaro hamkorlikni kengaytirish, balki Buxoro viloyatining eksport salohiyatini namoyon etish, mahalliy tadbirkorlar uchun yangi imkoniyatlar yaratish nuqtai nazaridan ham ahamiyatli bo‘ldi.
Mehmonlarning Buxoroga tashrifi viloyatning yangi ma’muriy markazidan boshlandi. Bu yerda Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov hamda Afg‘oniston Sanoat va savdo vaziri Nuriddin Aziziy ishtirokida rasmiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Samimiy va do‘stona ruhda kechgan muloqotda ikki mamlakat rahbarlarining qat’iy siyosiy irodasi tufayli keyingi yillarda o‘zaro ishonch, qardoshlik va iqtisodiy aloqalar sezilarli darajada mustahkamlanayotgani ta’kidlandi.

Viloyat hokimi Botir Zaripov uchrashuv ikki tomon ishbilarmon doiralari uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochishi, savdo munosabatlarini yanada faollashtirishi va yangi biznes sheriklikni shakllantirishga xizmat qilishini qayd etdi.

Uchrashuv davomida Afg‘oniston bozoriga sifatli oziq-ovqat mahsulotlari, un va don, tekstil sanoati mahsulotlari, tayyor kiyim-kechak, qurilish materiallari hamda farmatsevtika mahsulotlarini yetkazib berish hajmini oshirish masalalari ko‘rib chiqildi. Bu esa Buxoro viloyati ishlab chiqaruvchilari uchun eksport geografiyasini kengaytirish imkonini beradi.

Muzokaralarda qishloq xo‘jaligi sohasida hamkorlikka ham alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, Buxoro viloyati tajribasi asosida Afg‘oniston hududida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishni tashkil etish, zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish bo‘yicha fikr almashildi.

Shuningdek, tibbiyot va ziyorat turizmini rivojlantirish, ikki davlat tadbirkorlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri kooperatsiya aloqalarini yo‘lga qo‘yish, samarali logistika zanjirlarini shakllantirish yuzasidan aniq takliflar bildirildi. Bu kabi tashabbuslar ikki mamlakat iqtisodiyoti uchun manfaatli bo‘lishi shubhasiz.

Tashrif dasturiga muvofiq, Afg‘oniston delegatsiyasi Buxoro viloyatidagi qator sanoat korxonalariga tashrif buyurib, ishlab chiqarish quvvatlari, mahsulot sifati va eksport imkoniyatlari bilan yaqindan tanishadi. Bu esa amaliy hamkorlikni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Afg‘oniston delegatsiyasining Buxoroga tashrifi ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi. Ayniqsa, Buxoro viloyati uchun bu tashrif eksport hajmini oshirish, yangi bozorlarga chiqish va xalqaro hamkorlik ko‘lamini kengaytirishda muhim omil bo‘lib xizmat qilishi kutilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.