Prezidentimizning joriy yil 21 iyundagi “Pedagogik ta’lim sifatini oshirish va pedagog kadrlar tayyorlovchi oliy ta’lim muassasalari faoliyatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan qariyb 50 yil muqaddam tashkil topgan Jizzax davlat pedagogika institutiga – universitet maqomi berildi.
Jizzax davlat pedagogika universiteti rektori, professor Shavkat Sharipov oliygoh tarixi, ushbu ta’lim muassasasida amalga oshirilayotgan islohotlar, kelgusidagi rejalar haqida O‘zA muxbiriga quyidagilarni gapirib berdi.
– Jizzax viloyati tashkil topgach, 1974 yil ochilgan pedagogika oliygohi 50 yillik yubileyini nishonlash arafasida turibdi, – deydi Shavkat Sharipov. – Mamlakatimiz mustaqilligining 31 yilligi arafasida davlatimiz rahbari 2022 yil 21 iyundagi “Pedagogik ta’lim sifatini oshirish va pedagog kadrlar tayyorlovchi oliy ta’lim muassasalari faoliyatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan institutimizga Abdulla Qodiriy nomidagi Jizzax davlat pedagogika universiteti maqomi berilgani jamoa uchun juda katta tuhfa bo‘ldi. Bu bizga katta mas’uliyat yuklash bilan bir qatorda yanada yaxshiroq ishlashga va faol bo‘lishga turtki bo‘ladi. Niyatimiz, Jizzax davlat pedagogika universiteti diplomi sifat belgisi bo‘lishiga erishish. Bu dargoh yillar bilan emas, balki, yetuk mutaxassis kadrlarni kamolga yetkazish yo‘lidagi beminnat xizmatlari bilan ham universitet maqomiga loyiq.
Yetakchi xorijiy universitetlar bilan 2+2, 3+1 kabi qo‘shma dasturlarini joriy etish orqali o‘ziga xos fazilatlariga ega bo‘lgan zamonaviy ta’lim muassasalaridan biriga aylanmoqda.
Oliygohimiz tashkil topgan yilda atigi ikkita – O‘zbek tili va adabiyoti hamda matematika fakultetlari bo‘lgan, 425 nafar talaba va 29 nafar ustoz bilan o‘z faoliyatini boshlagan bo‘lsa, bugun 800 dan ortiq professor-o‘qituvchi 20 mingga yaqin talabaga tahsil bermoqda. Ayni paytda, universitetimizda 13 ta fakultet, sirtqi va magistratura bo‘limlari ham faoliyat olib boryapti.
O‘tgan 2021 yilda O‘zbekiston Dubay shahrida yoshlar o‘rtasidagi o‘tkazilgan boks bo‘yicha Osiyo chempionatini 8 ta oltin medal bilan yakunladi va ular orasida Jizzax davlat pedagogika universiteti talabalari Jahongir Zokirov hamda Nigina O‘ktamovaning bo‘lganligi bilan nafaqat men, balki butun jamoamiz quvondi.
Yana bir talabamiz – Aziza Yoqubova Turkiyada o‘tkazilgan boks bo‘yicha ayollar o‘rtasidagi jahon chempionatida bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Fizika va texnologik ta’lim fakulteti talabasi Hamidjon Boliyev viloyatning eng chekka hududi Arnasoy tumanidagi maktablardan birida amaliyot jarayonida talabalarni muddatidan oldin oliy ta’lim muassasasiga talaba bo‘lishlariga ko‘makchi bo‘ldi. Bu yil Arnasoy tumanini 360 ga yaqin yigit-qiz bitirayotgan bo‘lsa, ulardan 56 nafari muddatidan oldin talaba bo‘lish baxtiga sazovor bo‘ldi. Iqtidorli, tashabbuskor, yetakchi bo‘lgan talabalarim bilan faxrlanaman.
Joriy yil 4 mart kuni davlatimiz rahbari raisligida talabalarning ishlab, daromad topishi uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish mavzusida videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan edi. Unda ishlashga ehtiyoji bor talabalarga yordam berib, ular bandligini ta’minlash vazifasi muhokama etilgan edi. Prezidentimiz ushbu videoselektor yig‘ilishida viloyat hokimlari va respublikamizdagi OTM rektorlariga bo‘sh ish o‘rinlarini tahlil qilib, talabalarni joylashtirish bo‘yicha ishlashi lozimligini, ishlashga ehtiyoji bor talabalarga yordam berib, ular bandligini ta’minlash shartligini ta’kidlab o‘tdi.
Talabalarni ish bilan ta’minlash maqsadida viloyat mehnat va bandlik bosh boshqarmasi, xalq ta’limi, maktabgacha ta’lim boshqarmalari, hunarmandlar uyushmasi, shahar va tumanlar hokimliklari vakillari, tadbirkorlar ishtirokida bir necha bor mehnat yarmarkalari tashkil etdik. Ushbu mehnat yarmarkalarida 8 mingdan ortiq talaba-yoshlar ishtirok etdi. Videoselektorda berilgan topshiriq asosida oliygohda talabalar o‘rtasida suhbat va so‘rovnomalar o‘tkazildi. So‘rovnomalarda jami 12 mingdan ortiq talabalar ishtirok etdi. So‘rovnoma natijalariga ko‘ra, talabalarning 7 ming 907 nafari ishlash va qo‘shimcha daromad topish niyati borligini bildirgan. Talabalarning ish topishida turli sarsongarchiliklarning oldini olish, ularni ish bilan ta’minlash maqsadida tashkil etilgan mehnat yarmarkasida institutning 300 nafardan ziyod talaba yoshlari turli tashkilotlar bilan o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha shartnomalarni imzolashga muvaffaq bo‘ldi.
bugungi kunda universitet talabalari 19 ming 200 nafarni, o‘quv binolari umumiy quvvati 8 ming 128 o‘rinni tashkil qiladi. Yaqinda Jizzax shahri hududidan qo‘shimcha 2 ming 500 o‘rinli o‘quv binosini qurish uchun 3 gektar yer maydoni ajratildi va loyiha hujjatlari tayyorlanib, qurilish tashkiloti tender asosida aniqlandi. O‘quv binosining to‘liq moddiy texnik bazasi bilan jihozlanishi hisobga olingan loyihasi o‘rnatilgan tartibda “Kovcheg-art” MCHJ tomonidan ishlab chiqilib, loyiha qiymati 93 milliardni tashkil etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 9 sentyabrdagi “Respublika oliy ta’lim muassasalarida talabalarni turar joy bilan qamrab olish darajasini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq Jizzax davlat pedagogika universitetida davlat xususiy sherikligi (DXSH) asosida 2022-2025 yillar davomida 5 ta talabalar turar joyi qurish va buning natijasida 2 ming o‘rinli yotoq o‘rni tashkil etish rejalashtirilgan.
Joriy yilda oliygohning Jizzax shahar “Zargarlik” mahallasida joylashgan bosh o‘quv binosi hududiga chegaradosh ajratilgan yer maydonida 600 o‘ringa mo‘ljallangan 1 ta talabalar turar joy binosini DXSH asosida qurish ko‘zda tutilmoqda.
bugungi kunda xorijlik o‘qituvchilarni ishga jalb qilish, xorijiy OTM bilan hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirishni yo‘lga qo‘yish bo‘ldi. bugungi kunda dunyodagi yetakchi 30 ga yaqin xorijiy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik aloqalari o‘rnatildi. Ana shu hamkorlik aloqalari davomida biz ham professor-o‘qituvchilarimizni tajriba almashish maqsadida xorijga jo‘natmoqdamiz.
Oliygoh 2020-2021 o‘quv yillarida to‘liq kredit-modul tizimiga o‘tdi. Bu tizimda talaba belgilangan miqdordagi “kredit” olishi kerak. Bunda talaba o‘qish bilan birgalikda biror yerda ishlashi ham mumkin. Agar u belgilangan “kredit”ni olishni ishlab ham eplasa, marhamat, bemalol ishlasin. Biz talabaning o‘z sohasi bo‘yicha ishlashini faqat olqishlaymiz, xolos. Talaba bu semestrda ololmagan “kredit”larining o‘rnini keyingi semestrda to‘ldirib qo‘yishi mumkin. Ya’ni, talaba o‘z o‘quv rejasini o‘zi tuza oladi.
Nihoyasiga yetgan joriy o‘quv yilida biz asosiy e’tiborni oliygohning moddiy texnik bazasini mustahkamlashga qaratdik. Institutda 2021-2022 o‘quv yilidan “Davolash ishi” va “Pediatriya ishi” yo‘nalishlari ochildi. Har bir yo‘nalishga 25 nafardan kvota belgilanib, 66 nafar abituriyent qabul qilindi. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan 2021 yil 31 avgustdagi tasdiqlangan o‘quv reja asosida davolash va pediatriya yo‘nalishlari bakalavr ta’lim yo‘nalishlari uchun ishchi o‘quv reja bilan ta’minlandi. Dars mashg‘ulotlari asosiy bino va viloyat kardiologiya dispanserida olib borilmoqda.
Hali amalga oshirmoqchi bo‘lgan loyihalarimiz talaygina va ana shu ezgu maqsad yo‘lida astoydil, yakdillikda mehnat qilamiz.
O‘zA muxbiri Abdujalol Qayumov yozib oldi.