Iqtidor sohibalari saralandi
Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga nomzodlar saralash tanlovining Andijon viloyati Izboskan tumani bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Mamlakatimizda yosh avlodning har tomonlama yetuk va barkamol unib-o‘sishi, o‘z iqtidor va salohiyatlarini to‘laqonli namoyon etishi uchun keng imkoniyatlar yaratib berilgan. Xususan, mamlakatimizning faol, iqtidorli, ijodkor qizlari uchun ta’sis etilgan Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti tanlovi ko‘plab yosh iste’dod va iqtidor sohibalarini yuzaga chiqarishda, ularni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Ayni kunlarda yurtimizning barcha hududlarida mazkur tanlov nomzodlarini saralash bo‘yicha tuman va shahar bosqichlari bo‘lib o‘tmoqda. Jumladan, tanlovning Andijon viloyati Izboskan tuman bosqichida 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan 20 nafarga yaqin iqtidorli qiz-ayollar yettita yo‘nalishda belgilangan shartlar asosida o‘z iqtidor, mahorat va salohiyatlarini namoyish etdi.


– Tanlovda barcha yo‘nalishlar bo‘yicha ishtirokchilar o‘zlaring yutuq va iqtidorlarini namoyish etdi, – deydi Izboskan tumani hokimining o‘rinbosari, oila va xotin-qizlar bo‘limi rahbari Shohidaxon Azizova. – Eng muhimi, qizlarning faolligi, tanlovda ishtirok etishga bo‘lgan ishtiyoqi ortib borayotganligi e’tiborga molik.
Saralash jarayonida nomzodlarning bilim va salohiyati, ijodiy ishlari, erishgan natijalari, shuningdek, jamoat ishlaridagi faolligi va tashabbuskorligiga alohida e’tibor qaratildi.

Tanlovning yakuniy natijalariga ko‘ra, yo‘nalishlar bo‘yicha 9 nafar iqtidorli qiz tanlovning viloyat bosqichida qatnashish huquqini qo‘lga kiritdi.
G‘oliblar tuman hokimligi tomonidan faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Faxriddin Ubaydullayev,
O‘zA muxbiri