Investitsiya, eksport va turizm salohiyati namoyish etildi
Qator xorijiy davlatlarning mamlakatimizdagi favqulodda va muxtor elchilari, elchixonalar hamda xalqaro tashkilotlar vakillari Andijonda bo‘ldi.
Viloyatda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli iqtisodiy va ijtimoiy islohotlar, zamonaviy sanoat korxonalari, innovatsion loyihalar hamda infratuzilma ob’ektlari bilan yaqindan tanishish maqsadida tashrif buyurgan elchilar, xalqaro tashkilotlar vakillari Andijon xalqaro aeroportida tantanali kutib olindi.
Ushbu tashrif Andijonning investitsion jozibadorligini yanada oshirish, yangi xalqaro hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish uchun yanada keng imkoniyatlar eshigini ochadi.
Dastlab, mehmonlar Oltinko‘l tumanida joylashgan Andijon mebel markazida bo‘lib, markaz faoliyati, hududda tadbirkorlarga, ishlab chiqaruvchilarga yaratilgan imkoniyatlar bilan yaqindan tanishdi.
[gallery-28640]
Mebel markazidagi zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlari, sifatli va raqobatbardosh mahsulotlar hamda mahsulot tayyorlashga innovatsion yondashuvlar mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Mazkur markaz nafaqat hudud sanoatining muhim qismi, balki yuqori eksport salohiyatiga ega yirik loyihalardan biri sifatida e’tirof etildi.
Mutasaddi va mutaxassislar tomonidan elchilarga mebel ishlab chiqarish jarayonlari, ilg‘or texnologiyalar va kelgusidagi hamkorlik imkoniyatlari haqida keng ma’lumotlar berildi.
Shuningdek, mehmonlar Andijon shahridagi “DINAR GROUP” ishlab chiqarish korxonasi faoliyati bilan ham yaqindan tanishdi. Korxonadagi ilg‘or va zamonaviy ish ish uslublari, yuqori sifatli mahsulot ishlab chiqarish jarayonlariga yuqori baho berdi. Asosan, trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan, mahsulotlarning aksariyat qismi eksport qilinayotgan ushbu korxonada ayni kunda bir ming nafardan ziyod kishi mehnat qiladi.
Shundan so‘ng mehmonlar Andijon shahrining Markaziy dehqon bozorida, Jome majmuasi – Registon maydonida bo‘ldi. Andijon bozorining to‘kinligi, xalqimizning qadim tarixiga xos me’moriy obida ularda katta taassurot qoldirdi. Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi milliy madaniyat va istirohat bog‘i esa mehmonlarni yanada maftun etdi.
Bog‘i Bobur nafaqat hordiq maskani, balki buyuk sarkardaning boy ma’naviy olamini dunyoga tanituvchi markaz hisoblanadi. Bog‘dagi “Bobur va jahon madaniyati” muzeyida esa Boburning hayoti va ijodiga oid nodir qo‘lyozmalar, “Boburnoma”ning turli tillardagi nashrlari hamda boburiylar sulolasi tomonidan yaratilgan san’at asarlari jamlangan.
Bog‘ning markaziy qismidagi Boburning ramziy qabrini ziyorat qilish mehmonlar uchun muhim voqelik bo‘ldi.
“Ipak yo‘li” erkin iqtisodiy zonasida O‘zbekistondagi diplomatik korpus vakillari hamda ommaviy axborot vositalari ishtirokida o‘tkazilgan taqdimotda Andijon viloyatining investitsiya, eksport va turizm salohiyati namoyish etildi.
Taqdimotda Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov so‘z olib, hududning yuqori iqtisodiy imkoniyatlari, qulay investitsiya muhiti va kelgusida amalga oshirilishi rejalashtirilgan istiqbolli loyihalar haqida keng ma’lumotlar berdi.
Mazkur taqdimot ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otib, yangi hamkorlik aloqalarini o‘rnatish va samarali kelishuvlarga erishish uchun zamin yaratdi.
F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari.